IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun yangi qoidalar joriy etilmoqda

2026-yil 1-apreldan boshlab O‘zbekistonda IT Park Uzbekistan rezidentlari, Kibernetik innovatsiyalar IT-parki va Inno Technopark MCHJ uchun o‘zgarishlar kuchga kiradi. Yangi normalar O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarorida nazarda tutilgan bo‘lib, eksportga yo‘naltirilgan IT-mahsulotlar va xizmatlarga e’tibor qaratgan holda barqaror IT-ekotizimni rivojlantirishga qaratilgan. 

Asosiy o‘zgarishlardan biri soliq va bojxona imtiyozlarini qo‘llash bo‘yicha yondashuvning yangilanishi bo‘ladi. 2026 yil 1 apreldan boshlab sohada to‘lov tashkiloti, to‘lov tizimi operatori, marketpleys (elektron to‘lov tizimi) va mikromoliya tashkiloti sifatida faoliyat yuritayotgan rezidentlarga imtiyozlar tatbiq etilmaydi. 

Ko‘rsatilgan sohalarda ishlayotgan yoki ishlashni rejalashtirayotgan rezidentlarga biznes modelini oldindan qayta ko‘rib chiqish tavsiya etiladi. 

Yana bir muhim o‘zgarish - texnopark direksiyasiga tabaqalashtirilgan ajratmalar tizimi joriy etiladi. 2026-yil 1-apreldan boshlab ajratmalar miqdori kompaniyaning daromad darajasi va eksport faolligiga bog‘liq bo‘ladi. 

IT ekotizimi uchun kutilayotgan natijalar 

Yangi model rezidentlarning eksport faoliyatini rag‘batlantirish va xalqaro bozorlarga yo‘naltirilgan barqaror IT-sohasini shakllantirishga qaratilgan. Eksport IT Park Uzbekistan va umuman mamlakat raqamli iqtisodiyotining asosiy ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda, talablarning bosqichma-bosqich oshirilishi esa kompaniyalarga keskin o‘zgarishlarsiz moslashish imkonini bermoqda. 

Yangi talablarning bosqichma-bosqich joriy etilishi kompaniyalarga moslashish, xalqaro savdolarni yo‘lga qo‘yish va tashqi bozorlarda ishtirok etishni kuchaytirish imkonini beradi. Rezidentlarga hozirdanoq o‘z faoliyatini moliyaviy va huquqiy baholash, kelgusidagi eksport talablarini hisobga olish va eksport salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha qadamlarni oldindan rejalashtirish tavsiya etiladi. O‘z navbatida, IT Park Uzbekistan kompaniyalarga xorijiy bozorlarga chiqishda yordam berishda davom etadi. 

2026-01-08