IT Park Uzbekistan vakillari, xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova rahbarligida, Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchixonasi Siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘limi boshlig‘i Ahmad Hammad Alnemari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va qo‘shma loyihalar istiqbollariga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda tomonlar raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida rasmiy aloqalarni o‘rnatish, shuningdek, startap ekotizimini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Bundan tashqari, Saudiya Arabistonining asosiy davlat va xususiy tuzilmalari, jumladan, texnologik klasterlar va investitsiya agentliklari bilan hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ahmad Hammad Alnemari mamlakatning IT-salohiyati va startap ekotizimining jadal rivojlanishini yuqori baholab, respublika global IT-bozorida muhim o‘yinchiga aylanayotganini ta’kidladi.
IT Park Uzbekistan investitsiyalarni jalb etish va O‘zbekistonni ishonchli hamda istiqbolli texnologik markaz sifatida ilgari surish maqsadida xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirishda davom etmoqda. Saudiya Arabistoni elchixonasi vakili bilan uchrashuv qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va O‘zbekiston IT-kompaniyalarining Yaqin Sharq bozoriga kirib borishi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
2025-07-23