Mahalliy raqamli xizmatlar eksportchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash doirasida IT Park Uzbekistan va mamlakatning yetakchi marketing agentligi — “Abba Marketing” o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar davomida tomonlar mahalliy kompaniyalarning xorijga xizmat ko‘rsatishda duch kelayotgan to‘siqlarini, shuningdek, agentlikning xorijiy hamkorlari O‘zbekiston bozoriga kirishining istiqbollarini muhokama qildilar.
“Abba Marketing” — milliy va xalqaro miqyosda 7 yillik ish tajribasiga ega marketing agentligi. Kompaniya 1500 dan ortiq mijozlar, jumladan “Mercedes-Benz”, “Tecno”, “Tip-Top”, “Essi”, “TEAM University”, “Asia Plast” va boshqa taniqli brendlar uchun 2000 dan ortiq muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirgan. Agentlik raqamli marketing, brending, kreativ dizayn, veb-ishlanmalar va SMM bo‘yicha kompleks xizmatlarni ko‘rsatadi.
Bugungi kunda “Abba Marketing” o‘z xizmatlarini AQSh, Germaniya, Chexiya, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Xitoy, Malayziya, Qirg‘iziston va Tojikistonga faol eksport qilmoqda. Uchrashuv davomida kompaniyaning xalqaro bozorlardagi faoliyatini kengaytirishda duch kelayotgan mavjud qiyinchiliklar, jumladan texnik va operatsion to‘siqlar muhokama qilindi.
Tomonlar agentlikning xorijiy hamkorlari O‘zbekiston bozoriga kirish rejalarini ham muhokama qildilar. Shu munosabat bilan, IT Park potensial xorijiy ishtirokchilar foydalanishi mumkin bo‘lgan rezidentlik imkoniyatlari, soliq imtiyozlari va infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash haqida ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, IT Park “Abba Marketing” kompaniyasini xorijda o‘tkaziladigan xalqaro tadbirlar va biznes-forumlarda ishtirok etishga taklif qildi. Bu tadbirlarda agentlik nafaqat o‘z tajribasini namoyish etishi, balki hamkorlar orasida O‘zbekistonning imkoniyatlarini targ‘ib qilishga ham hissa qo‘shishi mumkin.
IT Park Uzbekistan “Abba Marketing” kompaniyasiga eksport va texnik masalalarni hal qilishda zarur yordam ko‘rsatadi, bu esa agentlikka xalqaro faoliyatini kengaytirish imkonini beradi. O‘z navbatida, “Abba Marketing” Markaziy Osiyoda biznesini kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy hamkorlari orasida O‘zbekistonni jozibador IT-bozor sifatida targ‘ib qilishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
2025-06-02