IT Park Uzbekistan va Enterprise Singapore ITes-eksport sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

6-fevral kuni IT Park Uzbekistan vakillari Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktor Alan Yeo boshchiligidagi “Enterprise Singapore” delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Tomonlar Singapurga tashriflarni tashkil etish va “Enterprise Singapore”ning O‘zbekistondagi tadbirlarda ishtirok etishini ham muhokama qildilar.

Bu nima uchun muhim?

“Enterprise Singapore” — Singapur hukumatining Savdo va sanoat vazirligi qoshidagi tashkilot. U 2018-yil 1-aprelda Singapur kichik va o‘rta korxonalarini (KO‘K) rivojlantirish, ularning salohiyatini oshirish, innovatsiyalarni joriy etish, transformatsiya va xalqarolashtirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. “Enterprise Singapore” Singapurning savdo va startap markazi sifatida o‘sishini qo‘llab-quvvatlab, standartlashtirish va akkreditatsiya bo‘yicha milliy organ vazifasini bajarmoqda.

IT Park va “Enterprise Singapore” 2022-yildan buyon hamkorlik qilib, O‘zbekiston va Singapur bozorlari imkoniyatlari haqida xabardorlikni oshirish, shuningdek, Singapur kompaniyalarining O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochishini qo‘llab-quvvatlash sohasida faol ish olib bormoqda.

Asosiy kelishuvlar

Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlari, jumladan: “UOC Singapore” kabi qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, Singapur kompaniyalarini O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qilish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, o‘zbekistonlik startaplarning “Slingshot” tanlovidan o‘tish sharti bilan “SWITCH”da ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqdilar.

IT Park va “Enterprise Singapore” vakillari “Enterprise Uzbekistan” markazini ishga tushirish doirasida qonunchilik tashabbuslari va ilg‘or tajribalar bo‘yicha tajriba almashishga kelishib oldilar.

IT Park xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova ITES sohasini rivojlantirishda IT Park va “Enterprise Singapore” o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini ta’kidladi, shuningdek, O‘zbekistonda ushbu sohada ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi.

Alan Yeo O‘zbekistonning jadal rivojlanishini yuqori baholab, O‘zbekiston hukumati sohani rivojlantirishga qat’iyat bilan yondashganini ta’kidladi. “2022-yilda IT Park bilan hamkorlikni boshlaganimizda, vaziyat hozirgidan tubdan farq qilardi. Har bir tashrifimizda O‘zbekiston ekotizimidagi ijobiy o‘zgarishlar va o‘sishni ko‘rmoqdamiz.”

Singapurlik hamkasblar hamkorlikni mustahkamlash va kompaniyalarning Singapur va O‘zbekiston bozorlariga kirishini kelgusida birgalikda qo‘llab-quvvatlashga umid bildirdilar.

“Enterprise Uzbekistan” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha maslahatchi Amir Mardiyev “Enterprise Singapore” bilan aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidlab, tashkilotlar tuzilmasidagi qisman o‘xshashlik va kelajakda hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Tomonlar Singapurga tashriflarni tashkil etish va “Enterprise Singapore”ning O‘zbekistondagi tadbirlarda ishtirok etishini ham muhokama qildilar. Singapur tomoni vakillari tadbirlarni tashkil etish va O‘zbekistonga tashrif buyuradigan ishbilarmonlar delegatsiyasini shakllantirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

IT Park Singapurlik hamkorlarning tashrifini, jumladan B2G va B2B uchrashuvlarini, hududlarga sayohatlarni va rezident kompaniyalar bilan tanishishni tashkil etishga tayyorligini ma’lum qildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat IT-ekotizimini va startap sanoatini rivojlantirish sohasida hamkorlikni yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar, bu esa tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochadi va O‘zbekiston hamda Singapur o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi.

2025-02-07