IT Park Uzbekistan’da IT Park Uzbekistan va Fransiya-O‘zbekiston Iqtisodiy palatasi (CIIFO) o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi imzolandi. Imzolash marosimi IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova va “CIIFO” raisi Joanna Golas ishtirokidagi ishbilarmonlik uchrashuvi doirasida tashkil etildi. Tadbirda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi iqtisodiy departamenti direktori Yan Kashinskiy boshchiligidagi vakillar ham qatnashdi.
“CIIFO” (Chambre d’Investissement et d’Industrie Franco-Ouzbèke) — bu Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan mustaqil notijorat tashkilot. Palata ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va investitsiyalarni jalb qilishga ko‘maklashadi, shuningdek, sanoat, texnologiyalar va innovatsiyalar sohalarida qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.
Uchrashuv davomida tomonlar raqamli texnologiyalar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilib, kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar. Jumladan: sun’iy intellekt masalalari bo‘yicha qo‘shma qo‘mita tuzish, Fransiya elchisining IT Park bosh qarorgohiga tashrifini tashkil etish, Fransiya va O‘zbekiston texnologik kompaniyalari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Fransiya tomoni 17-iyun kuni Parijdagi O‘zbekiston elchixonasi binosida bo‘lib o‘tadigan “Uzbekistan Tech & Outsourcing Conference” anjumanida Fransiyadagi kompaniyalar, investorlar va tashkilotlarning ishtirokini ta’minlash borasida yordam berishga tayyorligini bildirdi. Ushbu tashabbus mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy va innovatsion hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.
“CIIFO” bilan imzolangan memorandum O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi biznes va texnologik sheriklikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. IT Park xalqaro hamkorlikni kengaytirish va o‘zbek IT-kompaniyalarining Yevropa bozorlariga chiqishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishni davom ettiradi.
2025-06-02