Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova rahbarligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Elchixona tomonidan Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi iqtisodiy bo‘limi boshlig‘i va matbuot kotibi Rebekka Doverne hamda iqtisodiy bo‘lim xodimi Yeva Shnayder ishtirok etdi. Muzokaralar davomida tomonlar IT sohasidagi hamkorlik salohiyati va nemis kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv “Shared Services & Offshore Outsourcing Conference” tadbirida ishtirok etgan Germaniya vakillari qiziqishining davomi sifatida o‘tkazildi. Uchrashuvda IT Park Uzbekistan vakillari “Zero Risk”, “One-Stop Shop”, “Enterprise Uzbekistan” kabi asosiy dasturlarni, shuningdek, startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni taqdim etdilar.
Tomonlar O‘zbekistonning investitsion salohiyatini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish va nemis kompaniyalarining e’tiborini mahalliy IT-bozorga jalb etish yo‘llarini muhokama qildilar. Ehtimoliy qadam sifatida IT Park rezidentlari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Bunda ular o‘z loyihalari va muvaffaqiyatli tajribalarini taqdim etishlari mumkin bo‘ladi.
Bunday tashabbuslar xalqaro aloqalarni kengaytirish, xorijiy rezidentlarni jalb qilish va O‘zbekistonning raqamli texnologiyalar sohasidagi ishonchli hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
2025-10-06