IT Park Uzbekistan va HKTDC startaplar va IT-eksport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari “Hong Kong Trade Development Council” (HKTDC) delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiyasi tarkibiga HKTDC mintaqaviy direktori Kris Lo va HKTDC’ning Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha vakolatxonasi direktori Akerkin Eraliyeva kirdi. Tomonlar startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini, shuningdek, o‘zbek IT-kompaniyalarini Gonkong bozoriga kiritish tashabbuslarini muhokama qildilar.

Hong Kong Trade Development Council (HKTDC) — 1966-yilda Gonkongning xalqaro savdosini rivojlantirish uchun tashkil etilgan davlat tashkiloti. Kengashning butun dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq vakolatxonasi mavjud bo‘lib, u xalqaro ko‘rgazmalar, forumlar va biznes missiyalarini tashkil etish orqali kichik va o‘rta biznesning global bozorlarga chiqishini faol qo‘llab-quvvatlaydi.

HKTDC vakillari startaplar va venchur investitsiyalari sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, o‘zbek IT-kompaniyalari va startaplarini Gonkong bozoriga kiritishda ko‘maklashishni taklif qildilar. Bundan tashqari, IT Park Uzbekistan Gonkongda bo‘lib o‘tadigan va global biznes-netvorking hamda texnologik innovatsiyalar uchun yetakchi platformalar hisoblangan ikkita yirik xalqaro tadbir — “Asian Financial Forum 2026’ va “InnoEx 2026”da ishtirok etishga taklif etildi.

HKTDC bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun mahalliy IT-kompaniyalarni Osiyo va jahon bozorlariga olib chiqish, hamkorlik tarmog‘ini kengaytirish va O‘zbekiston ekotizimiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratadi.

2025-10-10