IT Park Uzbekistan va IT Park Ventures’ning Silkroad Innovation Hub bilan uchrashuvlari: Hamkorlik memorandumini imzolash

IT Park Uzbekistan, “IT Park Ventures” va “Silkroad Innovation Hub” o‘rtasidagi ikkita uchrashuv doirasida yangi akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish, IT-autsorsing kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash va O‘zbekiston venchur ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Uchrashuvlar yakunida IT Park Uzbekistan, “IT Park Ventures” va “Silkroad Innovation Hub” o‘rtasida venchur ekotizimi bo‘yicha bir qator strategik tashabbuslarni o‘z ichiga olgan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Bu nima uchun muhim?

Silkroad Innovation Hub” — AQShning Palo-Alto shahridagi Silikon vodiysining qoq markazida joylashgan IT Park Uzbekistan’ning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, startap va venchur ekotizimini rivojlantirish hamda texnologiyalar va innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi. “Silkroad Innovation Hub” bilan hamkorlikda IT Park tomonidan startaplar va IT Park rezidentlaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyalarining 2024 va 2025-yillarda bo‘lib o‘tadigan eng yirik va eng muhim global konferensiya va ko‘rgazmalardan biri — “TechCrunch Disrupt”, shuningdek, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston ekotizimining yetakchi o‘yinchilari va tadbirkorlarini birlashtirgan tarixda birinchi “Central Eurasia Silicon Valley Conference”ga tashriflari tashkil etildi. Tadbir doirasida kompaniyalar o‘z stendida o‘zlarini namoyish etish, yetakchi investorlar, global korporatsiyalar bilan chiqish qilish va aloqa o‘rnatish, shuningdek, O‘zbekiston IT-ekotizimini targ‘ib qilishga qaratilgan AQShdagi tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. 2025-yilda “Silkroad Innovation Hub”, IT Park Uzbekistan va “IT Park Ventures” bilan hamkorlikda Markaziy Yevroosiyodagi startaplar va IT-biznesni rivojlantirishga qaratilgan yangi dasturlarni ishga tushirish rejalashtirilgan, bu esa o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun global bozorda yangi imkoniyatlar ochadi, shuningdek, mintaqaning venchur ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi.

IT Park Uzbekistan va Silkroad Innovation Hub o‘rtasidagi uchrashuv

Uchrashuvda IT Park bosh direktori Abdulahad Kuchkarov va “Silkroad Innovation Hub” bosh direktori Asset Abdualiyev “Alchemist”, “StartX”, “Draper University” va “Astana Hub” kabi yetakchi xalqaro hamkorlar bilan birgalikda akseleratsiya dasturlarini ishga tushirish jarayoni va vaqtini muhokama qildilar. Tomonlar, shuningdek, Markaziy Yevroosiyo mamlakatlari, jumladan, O‘zbekiston startaplari uchun “Silkroad Innovation Hub” tomonidan tarixda birinchi “Central Eurasian Startup Pitch Competition” tanlovini o‘tkazishga kelishib oldilar. Tanlov finali Silikon vodiysida bo‘lib o‘tadi, bu startaplarga o‘z loyihalarini AQShdan kelgan xalqaro investorlar oldida taqdim etish uchun noyob imkoniyat yaratadi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, “Silkroad Innovation Hub” va IT Park Uzbekistan tomonidan “SCALE2US: IT Outsourcing Bootcamp” qo‘shma dasturini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Dastur IT Park rezident IT-autsorsing kompaniyalarini Amerika bozorini o‘zlashtirishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. “SCALE2US” doirasida kompaniyalar quyidagilarga ega bo‘ladi:

  • marketing va sotuv bo‘yicha ta’lim;
  • AQShdagi mijozlar bilan amaliy ish olib borish;
  • Potensial mijozlar va investorlar bilan aloqa o‘rnatish uchun Silikon vodiysiga tashrif buyurish.

Dasturda ishtirok etish uchun havola orqali ariza topshirishingiz mumkin (muddat: 2025-yil 15-mart): scale2us.com

Shimoliy Amerika IT-autsorsing bozori 290 milliard dollarga baholanmoqda va Markaziy Yevroosiyo kompaniyalari bir qator raqobatbardosh ustunliklarga ega, jumladan, yuqori darajadagi mutaxassislar tayyorgarligi va qulay ish haqi. Uchrashuv davomida ushbu tashabbusni IT Park Uzbekistan’ning rezidentlar uchun xalqaro imkoniyatlarni rivojlantirish bo‘yicha kengroq strategiyasiga integratsiya qilish, shuningdek, global dasturlar doirasida O‘zbekiston va AQShda autsorsing tadbirlarini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.

IT Park Ventures va Silkroad Innovation Hub o‘rtasidagi uchrashuv

“IT Park Ventures” direktori Azamat Karamatov va Asset Abdualiyev O‘zbekiston venchur ekotizimini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Imzolangan memorandum doirasida quyidagilar rejalashtirilgan:

  • AQShdagi dasturlarga o‘xshash tarzda O‘zbekistonda biznes farishtalar maktabi va klubini tashkil etish;
  • O‘zbekiston delegatsiyasining (venchur fondlari, biznes farishtalari, investorlar, davlat tashkilotlari, banklar, startaplar) “TechCrunch Disrupt 2025” tadbiriga safarini tashkil etish va Markaziy Yevroosiyo mamlakatlari startaplari uchun “Silkroad innovation Hub”dan birinchi startaplar tanlovi — “Central Eurasian Startup Pitch Competition”da ishtirok etish uchun O‘zbekiston startaplarini jalb qilish bo‘yicha hamkorlik qilish;
  • investorlar va davlat tuzilmalari uchun venchur moliyalashtirishni rivojlantirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘quv dasturlari va tadbirlarini ishga tushirish.

 

IT Park Uzbekistan qoshida tashkil etilgan “IT Park Ventures” startaplarga moliyalashtirish, xalqaro hamkorlar va mentorlik dasturlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali venchur investitsiyalari ekotizimini faol rivojlantirmoqda, shuningdek, O‘zbekistonda va butun Markaziy Yevroosiyo mintaqasida biznes farishtalar institutini faol rivojlantirishni va qulay venchur muhitini yaratishni boshladi. “Silkroad Innovation Hub” bilan imzolangan memorandum O‘zbekistonning global startap va venchur ekotizimiga integratsiyalashuvida muhim qadam bo‘lib, xalqaro investorlarni jalb qilish va jahon texnologik yetakchilari bilan hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

IT Park Uzbekistan va “IT Park Ventures” biznesni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro hamkorlik uchun shart-sharoitlar yaratish ustida faol ishlashda davom etmoqda, bu esa O‘zbekistonni IT va innovatsiyalar sohasida mintaqadagi asosiy o‘yinchilardan biriga aylantiradi.

2025-02-13