IT Park Uzbekistan va JETRO Tashkent Yaponiya IT-kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi

IT Park’da “JETRO Tashkent” bilan hamkorlikda tashkil etilgan Yaponiya IT-kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tomonlar O‘zbekiston IT sohasida Yaponiya kompaniyalari uchun hamkorlik salohiyati va imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinovaning qutlov so‘zi bilan boshlandi. U O‘zbekistonda IT sohasining o‘sib borayotgan salohiyati va IT Park’ning innovatsiyalar hamda texnologik rivojlanishni ilgari surishdagi rolini ta’kidladi. Yaponiya kompaniyalari O‘zbekiston IT-bozorini faol o‘zlashtirib, IT Park Uzbekistan rezidentiga aylanmoqda. 2025-yil fevral holatiga ko‘ra, yapon kapitali ishtirokidagi rezidentlar soni 10 taga yetdi, ulardan 3 tasi allaqachon IT-xizmatlarini eksport qilmoqda. Bundan tashqari, 2024-yil oxiriga kelib IT Park’ning 5 ta rezidenti o‘z xizmatlarini Yaponiyaga eksport qilishni boshladi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda atigi 1 ta yapon rezidenti faoliyat yuritgan 2023-yilga nisbatan sezilarli darajada o‘sganini ko‘rsatmoqda.

“JETRO Tashkent” bosh direktori janob Yuta Ichinose ushbu uchrashuvning O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida IT sohasidagi samarali hamkorlikning boshlanishi bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

“IT Park University” bosh direktori Bohodir Ayupov universitet dasturlari, hamkorliklar va mahalliy hamda xalqaro mehnat bozorlari ehtiyojlarini qondirish uchun malakali IT-mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuv yakunida savol-javob sessiyasi o‘tkazildi. Unda Yaponiya IT-kompaniyalari vakillari IT Park vakillari bilan faol muloqot qilib, O‘zbekistonning IT-kadrlari, investitsiya kiritish shartlari va hamkorlik imkoniyatlari haqida fikr almashdi. Yaponiya vakillarining ishga qabul qilish jarayonini yengillashtirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonda yapon kompaniyalariga bag‘ishlangan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasini tashkil etish taklifi alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Tadbir samarali muloqot maydoniga aylandi va IT Park Uzbekistan hamda Yaponiya korxonalari o‘rtasidagi kelajakdagi hamkorlikka zamin yaratdi.

2025-yil 13-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligida Axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya forumi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda Yaponiya va O‘zbekiston IT-kompaniyalari vakillari, soha ekspertlari va investorlar ishtirok etadi. Muhokamalar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi raqamli transformatsiya, investitsiyaviy hamkorlik va IT-autsorsing imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

IT Park Uzbekistan xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va O‘zbekistonning global IT-hamjamiyatiga integratsiyalashuviga ko‘maklashish orqali xalqaro hamkorlikni faol rivojlantirishda davom etmoqda. Yaponiya IT-kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida yuqori texnologiyalar sohasida qo‘shma loyihalar va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

2025-02-12