IT Park Uzbekistan va Shenchjen delegatsiyasi IT-xizmatlar eksporti sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi

Biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Jahongir Radjabov boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Shenchjen shahri vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Xitoy delegatsiyasi tarkibida Shenchjen taraqqiyot va islohotlar qo‘mitasi, Xalqaro ishlar boshqarmasi, shuningdek, “Shenzhen Urban Transport Planning Center” kabi asosiy hukumat tuzilmalari va biznes tashkilotlari vakillari bor edi. Uchrashuvda tomonlar muloqotni rivojlantirish va kelgusidagi hamkorlik uchun o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni izlashga tayyorliklarini bildirdilar.

Shenchjen Xitoyning eng yirik texnologik markazlaridan biri bo‘lib, ko‘pincha “Xitoyning Silikon vodiysi” deb ataladi. Shaharda raqamlashtirish, Smart City, sun’iy intellekt, katta hajmli ma’lumotlar, transport va IT-infratuzilmasi sohalarida yetakchi kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Faqatgina Smart City loyihalarida o‘n minglab mutaxassislar band bo‘lib, raqamli texnologiyalarga kiritilayotgan investitsiyalar hajmi yiliga o‘nlab milliard dollarga yetadi. “Shenzhen Urban Transport Planning Center” — shahar harakatchanligi va intellektual transport yechimlari sohasidagi asosiy operatorlardan biri hisoblanadi.

Uchrashuv davomida IT Park vakillari ekotizim imkoniyatlari, huquqiy baza, rezidentlar uchun soliq va bojxona imtiyozlari, shuningdek, IT-xizmatlar eksportini qo‘llab-quvvatlash haqida ma’lumot berdilar. Xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik va Xitoy texnologik korxonalarini O‘zbekistonda joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Xitoyning Smart City va yuqori texnologiyalar sohasidagi kompaniyalarining IT Park platformasi orqali Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga chiqish imkoniyati alohida qiziqish uyg‘otdi.

Shenchjen vakillari IT Park rezidentlari bilan kelgusidagi hamkorlikka va to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatishga qiziqish bildirdilar. Ustuvor yo‘nalishlar qatorida ular shahar infratuzilmasini raqamli transformatsiya qilish, IT-yechimlarni eksport qilish, transport rejalashtirish va logistika sohasida hamkorlikni alohida ta’kidladilar.

Osiyoning eng yirik texnologik klasterlaridan biri bo‘lgan Shenchjen shahri bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shma loyihalarni ishga tushirish va IT-xizmatlar eksportini rag‘batlantirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratadi. Ushbu hamkorlik, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqadagi IT-markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi va xalqaro hamkorlik geografiyasini kengaytiradi.

2025-08-08