IT Park Uzbekistan va Yonyou Network Technology strategik uchrashuv o‘tkazdi

Pekinda IT Park Uzbekistan delegatsiyasi bilan “Yonyou Network Technology” kompaniyasi rahbariyati vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Yonyou Network Technology” — Xitoyning yirik dasturiy ta’minot, texnologik yechimlar va biznes uchun IT-xizmatlar yetkazib beruvchilaridan biri hisoblanadi. Kompaniya mahsulotlari orasida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida sotiladigan korxonani boshqarish tizimi (ERP) mavjud. “Yonyou” kompaniyasiga 1998-yilda asos solingan bo‘lib, hozirda 20 000 dan ortiq xodimga ega. Kompaniyaning 2023-yildagi aylanmasi 4,5 milliard dollarni tashkil etgan.

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi O‘zbekistonda biznes yuritishning afzalliklarini taqdim etib, mamlakatimizdan 300 milliondan ortiq aholisi bo‘lgan MDH bozoriga qulay kirish imkoniyatini ta’kidladi. Yonyou” kompaniyasi ayniqsa “Zero Risk” dasturiga qiziqish bildirdi. Bu dastur xorijiy eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarga hech qanday yo‘qotish va yirik sarmoyalarsiz O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlash imkonini beradi. “Zero Risk” doirasida rezidentlarga 12 oygacha muddatga O‘zbekiston hududlarida ofis binolari, texnik jihozlar bepul taqdim etiladi va xodimlar xarajatlari qisman qoplanadi.

Bundan tashqari, Yonyou” jamoasiga O‘zbekistonning yosh, ko‘p tilli inson kapitali haqida ma’lumot berildi. Bu kapital IT sohasida talab qilinadigan yuqori darajadagi ta’lim va ko‘nikmalarga ega ekanligi ta’kidlandi. Bir nechta xorijiy tillarni biladigan malakali mutaxassislar soni ko‘pligi alohida qayd etildi, bu esa O‘zbekistonni xalqaro loyihalar va autsorsing uchun jozibador markazga aylantirishi aytib o‘tildi.

Yonyou” kompaniyasi vakillari O‘zbekistonning autsorsing salohiyatiga qiziqish bildirdilar va yaqin kelajakda mamlakatning jadal rivojlanayotgan bozorini batafsil o‘rganish uchun javob tashrifini amalga oshirishni rejalashtirmoqdalar.

Shanxayga tashrif doirasida Xitoy kompaniyalari tomonidan bildirilgan qiziqish O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, ayniqsa IT-mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha mamlakatda amalga oshirilgan chora-tadbirlar samaradorligini tasdiqlaydi. Mamlakatni chet elda autsorsing uchun yangi hudud sifatida faol targ‘ib qilish va xorijiy IT-kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb etish orqali 2030-yilga kelib mahalliy mutaxassislar uchun 300 000 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratish maqsadiga erishish mumkin.

2024-09-13