IT Park Uzbekistan Web Summit Qatar 2025’da: startaplar uchun yangi ufqlar

2025-yilning 23–26-fevral kunlari IT Park Uzbekistan, Rustam Karimjonov rahbarligidagi Raqamli texnologiyalar vazirligi delegatsiyasi tarkibida, startaplar, investorlar va texnologiya sohasidagi yetakchilar uchun dunyodagi eng yirik tadbirlardan biri hisoblangan ikkinchi “Web Summit Qatar” anjumanida ishtirok etdi. Konferensiya 124 mamlakatdan 25 000 dan ortiq ishtirokchini to‘plab, g‘oyalar almashish, hamkorlar topish va kelajakdagi texnologik innovatsiyalarni muhokama qilish uchun platforma yaratdi.

Web Summit” — bu sanoat yetakchilari, startaplar va investorlarni texnologiya va innovatsiyalar kelajagini muhokama qilish uchun birlashtiruvchi dunyodagi eng yirik yillik IT-konferensiyalardan biridir. 2009-yilda Dublinda tashkil etilgan “Web Summit” konferensiyasi butun dunyo bo‘ylab o‘tkaziladi. “Web Summit” mavzulari internet texnologiyalari, startaplar, fintech (moliyaviy texnologiyalar), elektron tijorat, mashinali o‘qitish, sun’iy intellekt, narsalar interneti va katta ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli masalalarni qamrab oladi. Konferensiya ishtirokchilari orasida “Fortune 500” ro‘yxatidagi kompaniyalar rahbarlari, startap vakillari va sohaning yetakchi ekspertlari bor.

IT Park Uzbekistan sun’iy intellekt, fintech, EdTech va boshqa sohalarda faoliyat yuritayotgan istiqbolli startaplar namoyish etilgan milliy stendni taqdim etdi. Delegatsiya tarkibiga “Tuzuk”, “Unitlab AI”, “Datageze” va “BITO” loyihalari kirdi, ular o‘z ishlanmalarini xalqaro auditoriyaga taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Startaplar uchun imkoniyatlar: “Web Summit Qatar 2025” nimalarni taqdim etdi?

Xalqaro akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok etish

Qatar Science & Technology Park (QSTP)

“QSTP” bosh direktori Jek Lau bilan uchrashuv doirasida o‘zbekistonlik startaplarning Qatarga ta’lim olish va tajriba almashish uchun ikki haftalik to‘liq moliyalashtirilgan tashrifni o‘z ichiga olgan “Global Innovation Link” dasturida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shuningdek, “QSTP” jamoasi o‘z obyektlari bo‘ylab ekskursiya uyushtirdi, unda IT Park delegatsiyasi va startaplar park imkoniyatlari va tadbirkorlar uchun resurslar bilan tanishdilar.

Orbit Startups

“Orbit Startups” bosh direktori Uilyam Bao Bin bilan uchrashuvda O‘zbekiston startaplari uchun investitsiyalar va mentorlik dasturlari muhokama qilindi. Uilyam startaplarni dastlabki bosqichda qo‘llab-quvvatlaydigan va ularning kengayishiga yordam beradigan “Orbit Startups” ish modeli haqida ma’lumot berdi.

Uchrashuv davomida Uilyam Bao Bin “Tuzuk”, “Unitlab AI”, “Datageze” va “BITO” kabi o‘zbek startaplari bilan individual sessiyalar o‘tkazib, ularga loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

EdVentures VC

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “EdVentures VC” bosh direktori Daliya Ibrohim bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda o‘zbek startaplarini rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Muzokaralar doirasida Daliya o‘zining EdTech akseleratsiya dasturini o‘zbek startaplari uchun moslashtirishni taklif qildi, bu esa ta’lim va investitsiya resurslaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Xolid Al-Tattan bilan uchrashuv, 1K Leaders

Shundan so‘ng, MENA mintaqasida startaplarni rivojlantirish bo‘yicha ekspert Xolid Al-Tattan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Xolid hamkorlikning to‘rtta strategik yo‘nalishini taqdim etdi, ularning har biri O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasidagi tadbirkorlik va texnologik taraqqiyot sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan. Ular orasida — netvorking sessiyalari, O‘zbekistonda inkubatsiya dasturlarini ishga tushirish, G2G hamkorligini va startap ekotizimida universitetlarning rolini kuchaytirish mavjud.

Tenity

Qatarga tashrif doirasida IT Park vakillari “Tenity” kompaniyasi vakili Ilayda Bahodir O‘g‘li bilan uchrashdi. Muhokama chog‘ida delegatsiya O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlarini taqdim etdi va mahalliy bozorga moslashtirilgan akseleratsiya va inkubatsiya dasturi bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Ilayda ushbu tashabbusni yanada chuqurroq o‘rganishga qiziqish bildirdi va keyingi qadamlar bo‘lajak uchrashuvlarda kelishib olinishi aytildi.

It’s Prodigy

Ishbilarmonlik dasturi doirasida “It’s Prodigy” kompaniyasi raisi Sano Musab Hijoziy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. IT Park vakillari O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan joriy islohotlar va tashabbuslar haqida so‘zlab berishdi. Hamkorlik imkoniyatlari, jumladan, kompaniyaning O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish va mahalliy ekotizim bilan o‘zaro hamkorlik qilish uchun italiyalik startaplarni jalb qilish masalalari muhokama qilindi. Sano Musab Hijoziy ushbu yo‘nalishni rivojlantirishga qiziqish bildirdi va kelgusidagi hamkorlik salohiyatini ta’kidladi.

Investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari

Doha Tech Angels

Uchrashuv davomida bosh direktor Sara Daniel “Doha Tech Angels” kompaniyasining investitsiya strategiyasi, asosiy faoliyat yo‘nalishlari va odatiy investitsiya bitimlari hajmi haqida qimmatli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.

U mahalliy startap ekotizimi bilan tanishish uchun venchur investorlarning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, IT Park tomonidan ko‘rib chiqish uchun yuboriladigan loyihalarni tanlash mezonlarini taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Leo Capital

Venchur moliyalashtirish masalalari “Leo Capital” kompaniyasi vakili Shvetank Verma bilan muhokama qilindi. U fondning investitsiya faoliyati yo‘nalishlarini taqdim etdi va bitimlar hajmi bo‘yicha tafsilotlarni keltirib o‘tdi. Suhbat davomida u o‘zbek startaplariga qiziqish bildirdi hamda ularning pitch-deklarini investitsiya istiqboli bilan ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu mahalliy loyihalar uchun xalqaro kapital jalb qilish va rivojlanishning yangi bosqichiga chiqish imkoniyatini yaratadi.

Rasmal Ventures

Rasmal Ventures” kompaniyasi hamkori Angus Peterson bilan uchrashuv doirasida O‘zbekistondagi startaplarga sarmoya kiritish istiqbollari muhokama etildi. U fondning asosiy investitsiya mezonlari haqida umumiy ma’lumot berdi va o‘zbekistonlik tadbirkorlar loyihalarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Qo‘shimcha tahlil uchun IT Park delegatsiyasi tegishli pitch-deklarni yubordi, bu esa venchur kapitalini jalb qilish va xalqaro bozorga chiqish uchun yangi imkoniyatlar ochadi.

Karawani & Co

Xalqaro bozorga chiqish nafaqat investitsiyalarni, balki huquqiy yordamni ham talab qiladi. “Karawani & Co” kompaniyasidan Raed Karavani korporativ maslahat, moliyaviy ko‘maklash va biznesni kengaytirish strategiyalari bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Suhbat chog‘ida u hamkorlik imkoniyatlarini ta’kidlab, mintaqadagi yetakchi investorlar bilan aloqalar o‘rnatishda yordam berishga tayyorligini bildirdi. Muzokaralar davom ettiriladi, bu esa o‘zbek startaplari uchun yangi istiqbollar taqdim etadi.

Xalqaro bozorlarga chiqish

Qatar Financial Centre (QFC)

Qatar moliya markaziga tashrif davomida IT Park delegatsiyasi va startaplar “QFC” vakillari bilan samarali uchrashuv o‘tkazdi. Sessiya davomida Qatarda yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish, “Web Summit” ishtirokchilari uchun mavjud imtiyozlar va huquqiy jihatlar muhokama qilindi. O‘zbekistonlik startaplar ikki tomonlama soliqqa tortish, me’yoriy tartibga solish va bozorga kirish strategiyalari haqida ma’lumot oldilar.

Uchrashuv startaplar va “QFC” vakillari o‘rtasida aloqalar o‘rnatishga yordam beradigan va potensial hamkorlik uchun asos yaratadigan netvorking sessiyasi bilan yakunlandi.

Qatar Development Bank (QDB)

“QDB” vitse-prezidenti Xolid Abdulla Al-Mana bilan uchrashuvda “Startup Qatar” tashabbusi va tadbirkorlar uchun “Talents Residency” dasturi orqali 50 ta o‘zbek startapini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Takliflar orasida O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlash markazini tashkil etish va Qatarda biometrik identifikatsiya tizimlarini sinov tariqasida joriy etish mavjud. “Startup Qatar” dasturi orqali 50 ta o‘zbek startapini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

TEAMO

TEAMO” asoschisi Sohayb Malik bilan uchrashuvda texnik mutaxassislarga 50 ta mamlakatda munosib ish topishda yordam berish masalasi muhokama qilindi. IT Park delegatsiyasi IT-mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat tashabbuslari haqida ma’lumot berdi va Sohayb o‘zbek IT-iste’dodlarini xalqaro imkoniyatlar bilan bog‘lash uchun hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirdi.

Algeria Venture

Mulud Xelif va Lamis Busbula ishtirokidagi “Algeria Venture” bilan uchrashuv har ikki mamlakatda startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajriba almashishga qaratildi. Mulud startaplarni qo‘llab-quvvatlash va bozorga kirishni osonlashtirish uchun IT Park va Jazoirning Bilimlar, startaplar va kichik korxonalar iqtisodiyoti vazirligi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishni taklif qildi.

Natijalar va istiqbollar

IT Park Uzbekistan’ning “Web Summit Qatar 2025” tadbirida ishtiroki O‘zbekiston startap ekotizimiga xalqaro miqyosda qiziqish ortib borayotganini tasdiqladi. O‘tkazilgan uchrashuvlar va erishilgan kelishuvlar ta’lim olish, investitsiyalarni jalb qilish va xorijiy bozorlarga chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratib, O‘zbekistonning istiqbolli texnologik markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

2025-03-04