IT Park Uzbekistan WebSummit Lisbon 2024 tadbirida Oʻzbekiston startap ekotizimini taqdim etdi

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Markaziy Osiyo startap ekotizimining noyob imkoniyatlarini dunyodagi eng yirik texnologik anjumanlardan biri — “WebSummit Lisbon 2024”da namoyish etdi. Ushbu tadbirda ishtirok etish xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va Oʻzbekistonni texnologik investitsiyalar hamda innovatsiyalarni rivojlantirish uchun istiqbolli mintaqa sifatida targʻib qilishda navbatdagi qadam boʻldi.

“Web Summit” — har yili 70 000 dan ortiq ishtirokchini, jumladan yetakchi kompaniyalar, startaplar, investorlar va ekspertlarni bir joyga toʻplaydigan eng yirik global texnologik konferensiya hisoblanadi. Bu gʻoyalar almashish, ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish va texnologiya sohasi kelajagini shakllantiradigan ilgʻor innovatsiyalarni namoyish etish uchun noyob platformadir.

Sammit doirasida venchur fondlari, akseleratorlar va texnologik kompaniyalar vakillari bilan muhim uchrashuvlar oʻtkazildi. “Astana Hub” bilan hamkorlikda taqdim etilgan “Central Asian Innovation Hubs” stendi ishtirokchilarning katta eʼtiborini tortdi, bu esa hamkorlikni mustahkamlash va mintaqaning innovatsion loyihalarini xalqaro maydonda ilgari surishga koʻmaklashdi.

Unicorn Factory Lisboa

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi “Unicorn Factory” kompaniyasining strategik loyihalari rahbari Sofiya Rolo bilan samarali muzokaralar olib bordi. Uchrashuvda oʻzbekistonlik startaplarni qoʻllab-quvvatlash uchun maxsus dasturlar yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar inkubatsiya va akseleratsiya tashabbuslarini ishlab chiqishga kelishib oldilar, shuningdek, mahalliy innovatsion ekotizimni mustahkamlash uchun startaplar almashinuvi va xalqaro ekspertlarni jalb qilish istiqbollarini koʻrib chiqdilar. “Unicorn Factory” kompaniyasining keng tajribasi va xalqaro ekspertizasi tufayli oʻzbek startaplari oʻz loyihalarini kengaytirish va global bozorda oʻz mavqelarini mustahkamlash orqali yangi bosqichga chiqish uchun noyob imkoniyatga ega boʻladilar.

“Unicorn Factory Lisboa” — Lissabon munitsipalitetining tashabbusi boʻlib, FoodTech va ClimateTech sohalarida inkubatsiya, akseleratsiya va mavzuli dasturlar orqali startaplar va oʻsish bosqichidagi kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlaydi. 2024-yildan buyon 1 milliard yevrodan ortiq sarmoya jalb qilgan 820 dan ortiq startap qoʻllab-quvvatlandi. Kompaniya Lissabonda joylashgan boʻlib, maqsadi shaharni Yevropaning innovatsiya markaziga aylantirishdir.

Raw Ventures (Mariya Jerebtsova, investitsiyalar boʻyicha bosh direktor)

“Raw Ventures” kompaniyasining investitsiyalar boʻyicha direktori Mariya Jerebtsova bilan uchrashuvda IT Park Uzbekistan delegatsiyasi mamlakat startap ekotizimini taqdim etib, uning jadal rivojlanishi va xalqaro hamkorlik uchun yuqori salohiyatini taʼkidladi. Bozorda faol ish olib borayotgan va investitsiyalarni jalb qilishga tayyor boʻlgan istiqbolli startaplar taqdimoti oʻtkazildi, bu esa potensial hamkor tomonidan qiziqish uygʻotdi.

Muzokaralar doirasida tomonlar investitsiya kiritishdan manfaatdor startaplar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga kelishib oldilar. Ushbu qadam oʻzbekistonlik tadbirkorlarga yangi imkoniyatlarni taqdim etadi: xalqaro kapitalga ega boʻlish, global bozorlarga chiqish va ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish.

Raw Ventures” — Germaniyaning Potsdam shahrida tashkil etilgan venchur fondi boʻlib, dastlabki bosqichlardagi texnologik startaplarga sarmoya kiritishga eʼtibor qaratadi. Jamgʻarma MedTech, AgriTech, FinTech, CleanTech va boshqa innovatsion sohalardagi loyihalarni qoʻllab-quvvatlaydi, startaplarga kengayish va barqaror oʻsishga erishishda yordam beradi. Tashkil etilganidan beri “Raw Ventures” nafaqat moliyaviy koʻmak, balki kompaniyalarni uzoq muddatli rivojlantirish uchun tajribali jamoa ekspertizasini taklif qilib, 100 dan ortiq investitsiyani amalga oshirdi.

Leads-Results

IT Park Uzbekistan vakillari “Leads-Results” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Xelga Sarayva-Styuart bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Loyihalarni boshqarish, biznesni tahlil qilish va strategiyalarni ishlab chiqish boʻyicha koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan Xelga biznes jarayonlarini optimallashtirish va tashkilotlar samaradorligini oshirish boʻyicha oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashdi. Xelga Saroyva-Styuart 2023-yilda “Financial Times” reytingiga koʻra Yevropaning eng yaxshi 21 taligiga kirgan Portugaliyaning yetakchi biznes maktabi “Nova SBE”da faoliyat yuritadi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning startap ekotizimi haqida batafsil taqdimot oʻtkazilib, hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xelga bozorning batafsil tahlilini namoyish etib, asosiy muammolarni aniqladi va ularni hal qilish boʻyicha aniq yondashuvlarni taklif qildi. Uning metodologiyasini IT Park Uzbekistan akseleratsiya dasturlariga joriy etish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi, bu esa startaplarni tayyorlashni yaxshilash va ularning raqobatbardoshligini oshirishga hissa qoʻshishi mumkin.

Leads-Results” — Xalqaro taʼlim markazi boʻlib, u “Sales Professionals” instituti tomonidan sertifikatlangan. Kompaniya B2B savdo sohasida innovatsiyalar uchun dasturlar va resurslar ishlab chiqadi va bu orqali bizneslarga mijozlarni samarali jalb qilish va zamonaviy bozor talablariga moslashishda yordam beradi.

“WebSummit Lisbon 2024” tadbiriga tashrif IT Park Uzbekistanʼga nafaqat xalqaro maydonda oʻzini namoyon etish, balki mamlakatning investorlar va texnologik kompaniyalar uchun istiqbolli hamkor sifatidagi mavqeyini mustahkamlash imkonini berdi. Oʻzbekiston soliq imtiyozlari, inkubatsiya dasturlari va Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan bozoriga kirish imkoniyatini taklif etish orqali startaplar uchun qulay sharoitlar yaratishni davom ettirmoqda. Oʻrnatilgan aloqalar natijasida mahalliy startaplarga investitsiyalar jalb qilinishi, shuningdek, mahalliy loyihalar faoliyatining xalqaro bozorlarga kengayishi kutilmoqda.

2024-11-18