IT Park Uzbekistan xalqaro kompaniya va tashkilotlarning ishonchini qozonib, O‘zbekistonni xalqaro maydonda faol targ‘ib qilishni davom ettirmoqda. Joriy haftada bir qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi, shuningdek, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi yirik xorijiy tadbirlarda ishtirok etdi.
Mo‘g‘ulistonga tashrif
5 kunlik ish safari doirasida IT Park vakillari Mo‘g‘uliston kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashib, ularga O‘zbekistonda biznes yuritishning afzalliklarini taqdim etdilar. Bundan tashqari, xalqaro aloqalar bo‘yicha menejer Dildora Nasibulayeva “Hududiy rivojlanishda ilmiy-texnologik parklarning o‘rni va ta’siri” mavzusidagi ma’ruza bilan bir nechta konferensiyalarda ma’ruzachi sifatida qatnashdi. O‘z nutqida Dildora O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasining jadal rivojlanishiga sabab bo‘lgan islohotlar va iqtisodiy taraqqiyot haqida so‘zlab berdi.
Konferensiya doirasida IT Park Uzbekistan va IT Park Mongolia o‘rtasida o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu memorandum kelajakda sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, innovatsion yechimlar yaratish hamda O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston IT-sohalarini rivojlantirish uchun qulay muhit shakllantirishga qaratilgan.
“XMG Inc.” kompaniyasi bilan uchrashuv
Bundan tashqari, IT-eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park O‘zbekiston delegatsiyasi Amerika Qo‘shma Shtatlarining “XMG Inc.” kompaniyasi rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.
“XMG Inc.” kompaniyasi yuqori texnologiyali uskunalar yaratish, turli mamlakatlarda 5G-6G aloqasini yo‘lga qo‘yish, o‘yin ilovalarini ishlab chiqish va xalqaro moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyaning Tayvan, Janubiy Koreya va Yaponiyada bir nechta zavodi, shuningdek, AQSH, Yevropa va Janubiy Osiyoda vakolatxonalari mavjud. “XMG Inc.” 25 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelmoqda, xodimlari soni 5000 nafardan ziyod va 2023-yildagi yillik daromadi 20 milliard dollardan ko‘proqni tashkil etgan.
Uchrashuv chog‘ida “XMG Inc.” kompaniyasi raisi Ken Kemal O‘zbekistonning IT-sohasiga, shuningdek, IT-kompaniyalarning faol rivojlanishi va kengayishiga yordam beradigan biznes muhitiga qiziqish bildirdi. Kompaniya IT Park Uzbekistan rezidenti bo‘lishni va yaqin kelajakda mamlakatimiz hududida o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Ken Kemal, shuningdek, “XMG Inc.” kompaniyasi yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali mahalliy mutaxassislarni ishga jalb qilishga qiziqish bildirayotganini ta’kidladi.
“Tamasek” universiteti vakillari bilan uchrashuv
Singapurning “Temasek” politexnika universiteti delegatsiyasi, direktor o‘rinbosari va bosh direktor Ou Tuan Ki boshchiligida, yaqinda Toshkentga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad O‘zbekiston va Janubi-Sharqiy Osiyo o‘rtasida IT-mutaxassislarini tayyorlash va autsorsing sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish bo‘ldi.
1990-yilda asos solingan “TP” Singapurning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi. U amaliy fanlar, biznes, dizayn, muhandislik va axborot texnologiyalari bo‘yicha 36 ta kunduzgi va 40 dan ortiq kechki kurslarni taklif etadi. O‘quv jarayoni amaliy ko‘nikmalar, ta’lim va hayotiy malakalarni o‘zida mujassam etgan holda, global va madaniy xilma-xillikka alohida e’tibor qaratadi. “TP” qadriyatlarga asoslangan va uzluksiz ta’limga yo‘naltirilgan kelajak yetakchilari va yaratuvchilarini tarbiyalashga intiladi.
IT Park Uzbekistan vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda mamlakatimizdagi yoshlar uchun professional dasturlar sifatini oshirish, O‘zbekistonni IT-autsorsing sohasidagi asosiy markaz sifatida e’tirof etish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida IT sohasida talabalar almashinuvi dasturini yaratish takliflari muhokama qilindi.
Ushbu uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasida raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlash hamda ko‘nikma va bilim almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlik uchun poydevor yaratdi. Janob Ou Tuan Ki mazkur hamkorlikning mamlakatning kadrlar salohiyatini mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi va O‘zbekistonning Singapurning Markaziy Osiyodagi ta’lim va autsorsing tashabbuslarini kengaytirish istiqbollarini alohida qayd etdi.
2024-08-26