IT Park va 5D MENA O‘zbekistonda ofis ochish va mintaqada sun’iy intellektni qo‘llash istiqbollarini muhokama qilmoqda

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida IT Park startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maksudov “5D MENA” kompaniyasi bosh direktori Safvan Amin Omari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muhokamaning asosiy mavzusi raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlari, jumladan, sun’iy intellektdan foydalangan holda loyihalarni amalga oshirish va kompaniyaning O‘zbekistonda vakolatxonasini tashkil etish masalalari bo‘ldi.

5D MENA — Ammanda (Iordaniya) joylashgan yetakchi texnologik kompaniya bo‘lib, dasturiy ta’minot va raqamli yechimlarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan. Uning faoliyat doirasiga mobil va veb-dasturlash, raqamli marketing, ERP-tizimlari, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, sun’iy intellekt yechimlari, narsalar interneti (IoT) va aqlli shaharlar kiradi. “5D MENA” tarkibida 100 ga yaqin xodim faoliyat yuritadi va kompaniyaning ofislari Iordaniya va Hindistonda joylashgan. Kompaniya Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bozorlarida faol ish olib borib, tizim integratsiyasidan tortib maxsus dasturiy ta’minot va tahliliy yechimlarni ishlab chiqishgacha bo‘lgan to‘liq xizmatlar ko‘lamini taqdim etadi.

Uchrashuv davomida O‘zbekistonda IT sohasidagi islohotlar, soliq imtiyozlari, shuningdek, startap ekotizimining jadal rivojlanishi muhokama qilindi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun platforma sifatidagi strategik imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Safvan Amin Omari kompaniyaning O‘zbekistondagi operatsion faoliyatining bir qismini mahalliylashtirish borasida katta qiziqish bildirdi. Uning aytishicha, mamlakat malakali mutaxassislar va barqaror raqamli rivojlanish sur’atlariga ega bo‘lib, bu omillar mintaqada biznesni kengaytirish uchun jozibador sharoit yaratadi.

Muzokaralar yakunida tomonlar bir qator yo‘nalishlarda, jumladan, O‘zbekistonda “5D MENA” ofisini ochish istiqbollari, sun’iy intellekt sohasida qo‘shma tajriba loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, mahalliy startaplar bilan hamkorlik nuqtalarini izlash bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

2025-06-12