IT-Park va Gyeongbuk Technopark o`zaro anglashuv memorandumini imzoladilar

2019-yil 24-sentyabrda Gyeongbuk Technopark ijrochi direktori Jayxun Ri bilan IT-Park direktori Farhod Ibragimovlar oʻrtasidagi uchrashuv yakunida tomonlar orasida o’zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandumning asosiy maqsadi o`zaro bir-birini tushunish tamoyili asosida Texnoparklar va tomonlar o`rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hisoblanadi.

Memorandum asosida Tomonlar quyidagi yo`nalishlar bo`yicha hamkorlik qilishlari mumkin:

  • Raqamli, ijodiy va texnologik ekotizimni rivojlantirish bo`yicha ilg`or va innovatsion tajriba almashish;
  • xodimlarning tashriflarini osonlashtirish, shu jumladan tajriba almashish va malaka oshirish maqsadida o`quv tadbirlarini o`tkazish;
  • tegishli ekotizimlarda startap-loyihalarni, biznesni qo`llab-quvvatlash va qo`shma innovatsiyalarni rivojlantirish dasturlarida ishtirok etish;
  • konferensiyalar, seminarlar, forumlar va boshqa tadbirlarni va ularda ekspertlarning ishtirok etishini tashkillashtirish;
  • tadbirkorlik malakalarini va madaniyatini rivojlantirish, boshqaruvning innovatsion tizimlarini joriy etish va bozorning yangi segmentlarini aniqlash;
  • Tomonlarning o`zaro kelishuvi bo`yicha axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining boshqa sohalari.

Shuningdek, Memorandumdagi yana bir muhim jihat shu haqda bo`ldiki, 2020-yil mart oyi uchun kelishilgan shartnomalarga muvofiq IT-Park guruhining 6 ta a’zosi, shuningdek, startap-guruhlarning 4 ta vakili Janubiy Koreyada 4-6 haftalik o`quv dasturida qatnashish imkoniyatini qo`lga kiritishadi.

2019-09-30