21-iyun kuni IT Park Uzbekistanʼga ITCEN Group raisi Kang Seung Woo va kompaniya direktori Joo Jae Hwang tashrif buyurdilar.
Uchrashuv IT Park va ITCEN Group o‘rtasida yuqori malakali IT-kadrlar tayyorlash sohasida kelgusidagi hamkorlikni muhokama qilish, shuningdek, O‘zbekiston AKT yo‘nalishi bilan tanishish maqsadida o‘tkazildi.
Mehmonlarni Investitsiyalar va xalqaro aloqalar boʻlimi boshlig‘i Nigora Mirdjalilova, Investitsiyalar va xalqaro aloqalar boʻlimining xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh menejeri Umida Odilova va IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish boʻlimining biznes-jarayonlar autsorsingini rivojlantirish bo‘yicha bosh menejeri Izzat Xamidov kutib oldilar.
IT Park mutaxassislari tashkilot faoliyati bilan tanishtirdilar, rezidentlar, jumladan, u yerda ishlab chiqilayotgan kompaniya turlari va loyihalar, shuningdek, rezidentlar oladigan soliq imtiyozlari va relokatsiya dasturlari haqida so‘zlab berdilar. O‘zbekistonda yuqori malakali IT-kadrlar tayyorlash jarayoniga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar “One million Uzbek coders”, “Coursera”, “IT Bilim” kabi muhim loyihalarni taʼkidlab oʻtdilar. Ta’kidlanganidek, har yili 25 ming nafardan ziyod 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar IT sohasida ta’lim oladilar.
Xorijlik mehmonlar O‘zbekistonda IT-sohasida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlardan hayratda qoldilar va IT Park rezidenti bo‘lishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Bundan tashqari, Joo Jae Hwang Toshkent shahridagi Ajou University bilan TOT (Training of trainers) – IT yoʻnalishi boʻyicha mutaxassis oʻqituvchilarni tayyorlash boʻyicha hamkorlik va qoʻshma loyihalar haqida maʼlumot berdi.
Kang Seung Woo IT-kadrlar tayyorlash masalasiga qiziqish bildirdi va Koreyada ushbu sohada malakali mutaxassislar yetishmasligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan u mutaxassislar tayyorlash, jumladan, koreys tilida ham O‘zbekiston-Koreya qo‘shma IT Markazini tashkil etish istagini bildirdi.
2023-06-21