IT Park va Lerna tomonidan “IT kasbiga yo‘l” seminari o‘tkazildi

12-may kuni Amiti universitetida IT Park tomonidan Lerna ta’lim platformasi hamda “Anorbank” bilan birgalikda “IT kasbiga yo‘l” bepul seminari tashkil etildi.

Tadbir onlayn va oflayn tarzda bo‘lib o‘tdi. Ma’ruzachilar sifatida Daniil Pilipenko (15 yillik tajribaga ega dasturchi va ishlanmalar guruhi rahbari) va Jasurbek Nabijonov (besh yillik tajribaga ega veb-ilovalar dasturchisi, uchta loyihani noldan muvaffaqiyatli amalga oshirgan) ishtirok etishdi.

Seminar IT sohasida ish boshlamoqchi bo‘lgan, o‘z kasbini o‘zgartirmoqchi yoki frilanser sifatida ishlamoqchi bo‘lganlar, shuningdek, universitet talabalari uchun foydalidir.

Ma’ruzachilar dasturlash tillari va ularni o‘rganish usullari haqida so‘zlab berib, juniordan tortib to senior dasturchigacha bo‘lgan yo‘l qanday tuzilganini batafsil tushuntirib berishdi.  Bundan tashqari, ular talabgir dasturchi bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligi, frilanserda yaxshi daromad topish yo‘llari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Treningda IT Park raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘limi rahbari Humoyun Sultonov ham so‘zga chiqib, seminar ishtirokchilariga IT Park faoliyati haqida so‘zlab berdi va ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Eslatib o‘tamiz, Lerna “Skillbox” va “GeekBrains” kurslarining O‘zbekistondagi rasmiy vakili hisoblanadi. Tadbirning yozib olingan variantini bu yerda ko‘rish mumkin.

2022-05-16