28-yanvar kuni Hindistonning Bangalor shahrida IT Park delegatsiyasi hamda Osiyoning BPO va IT-autsorsing sohasidagi yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan “SBL Knowledge Services” vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida “SBL” bosh direktori Gupo Kumar va global hamkorliklar bo‘yicha direktor Anurup Geeta kompaniyaning O‘zbekistonda yangi ofis ochish orqali MDH bozorlariga kengayish rejalari haqida so‘z yuritdilar.
Bu nima uchun muhim?
“SBL Knowledge Services” 19 yildan ortiq vaqt mobaynida biznes operatsiyalarini autsorsing qilish, IT-xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash va sun’iy intellekt sohasidagi yechimlarni joriy etish kabi keng ko‘lamli xizmatlarni taqdim etib kelmoqda. Dunyo bo‘ylab 2000 dan ortiq mijozga ega bo‘lgan kompaniya AQSh va Buyuk Britaniyada ofislarni muvaffaqiyatli tashkil etish tajribasiga tayanib, bir nechta mavjud BPO loyihalarini O‘zbekistonga ko‘chirishni rejalashtirmoqda.
IT Park vakillari “Zero Risk” dasturining afzalliklari haqida ma’lumot berdilar. Shundan so‘ng, “SBL” yangi ofis uchun eng qulay joyni tanlash maqsadida IT Park jamoasi hamrohligida O‘zbekistonning bir nechta shaharlariga tashrif buyurishga qaror qilindi. Bosh direktor Gupo Kumar O‘zbekistonning MDH va Yaqin Sharqda ularning biznesini kengaytirish uchun strategik jihatdan muhim hudud ekanligini ta’kidladi.
Tomonlar O‘zbekistonda onlayn formatda ofis ochish masalasini ishlab chiqishga, shuningdek, kompaniyani bevosita ochish va faoliyatini boshlashga tayyorgarlik ko‘rish uchun “SBL” rahbariyatining tashrifini rejalashtirish to‘g‘risida kelishib oldilar.
“SBL Knowledge Services” kabi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik xorijiy investorlarning MDH va Yaqin Sharq mintaqalarida biznesni kengaytirishning asosiy markazi sifatida O‘zbekistonga qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. IT Park global o‘yinchilarni jalb qilish va yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun ekotizimni faol rivojlantirishni davom ettirmoqda. Bu esa mamlakatning xalqaro maydondagi iqtisodiy mavqeyini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
2025-01-29