IT Park va USAID hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilmoqda

6-iyun kuni IT Park ofisiga Vashingtondagi USAID Osiyo byurosining texnik yordam bo‘yicha direktor o‘rinbosari Brendan Barselo, USAIDʼning O‘zbekistondagi iqtisodiy o‘sish ofisi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Maykl Vizan va USAIDʼning Oʻzbekistondagi loyihalarni boshqarish bo‘yicha mutaxassisi Shaxrux Irnazarov tashrif buyurdilar.

Mehmonlarni IT Park direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulaxad Kuchkarov, Xalqaro hamkorlik va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maslahatchisi Rustam Sulaymonov hamda Investitsiyalar va xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nigora Mirdjalilova kutib oldilar.

Uchrashuv kun tartibida – IT-xizmatlar eksporti va startap ekotizimini muhokama qilish.

Mehmonlarga IT Park faoliyati taqdim etildi, rezidentlik dasturi, jumladan, u yerda ishlab chiqilayotgan kompaniya turlari va loyihalar haqida so‘zlab berildi hamda Oʻzbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha umumiy ma’lumot berildi.

Shuningdek, USAID vakillariga O‘zbekistonning inson salohiyati (har yili 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 100 mingdan ziyod talaba IT-sanoatga oid mutaxassislik bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarini tamomlayotganini ta’kidlandi) hamda One million Uzbek coders, Coursera, IT Bilim, ITPU kabi yirik loyihalar doirasida O‘zbekistonda malakali IT kadrlarini tayyorlash jarayoni haqida soʻzlab berildi.

Xorijlik hamkasblar O‘zbekistonda iqtisodiyot va AKT sohasining o‘sishi va rivojlanishini ta’kidladilar. Ular rezidentlar uchun boʻlgan imtiyozlar va “One Stop Shop” xizmatiga qiziqish bildirishdi. USAIDʼning O‘zbekistondagi loyihalarini boshqarish bo‘yicha mutaxassisi Shaxruh Irnazarov o‘z navbatida ichki bozorga to‘xtalib, foydani oshirish uchun uni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Tomonlar hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar va kelajakda yangi uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.

2023-06-10