Xitoyga uyushtirilgan amaliy tashrif doirasida IT Park delegatsiyasi Xitoyning “Zixel” va “Homestyler” kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
3D va sanoat raqamli platformalarining yetakchi provayderi hisoblangan “Zixel” kompaniyasi korxonalarni raqamli transformatsiya qilish uchun ilgʻor yechimlarni taklif etadi. Innovatsion texnologiyalari tufayli “Zixel” kompaniyalarni hayot siklining barcha bosqichlarida qoʻllab-quvvatlab, ularning raqobatbardosh ustunligini taʼminlaydi va samaradorligini oshiradi.
Uchrashuv chogʻida “Zixel” va “Homestyler” kompaniyasi rahbarlari IT Park vakillari bilan kompaniyalar uchun IT Park rezidenti maqomini olish imkoniyatlarini muhokama qildilar. “Zyxel” kompaniyasining moliyaviy direktori Zou Dilan hamkorlik shartlariga, xususan, “Zero risk” dasturi, koʻp sonli yosh IT-mutaxassislar koʻrinishidagi inson kapitali, “One Stop Shop” xizmati orqali mamlakatda birinchi autsorsing ofisini ochishdagi koʻmakka qiziqish bildirdi.
“Homestyler” — asosiy faoliyat sohasi interyerlarni 3D-loyihalash va jismoniy obyektlarni modellashtirish boʻlgan Xitoy kompaniyasi. “Homestyler” kompaniyasi xizmatlari mebel kompaniyalari va koʻchmas mulk sanoatida juda talabgir hisoblanadi.
“Homesyler” kompaniyasi vakili Stefani Ma Oʻzbekistonda eksportga yoʻnaltirilgan IT-kompaniyalar uchun mavjud boʻlgan soliq imtiyozlari, shuningdek, oʻz mahsulotlarini Oʻzbekistondan boshqa bozorlarga sotish imkoniyati bilan qiziqdi. Bundan tashqari, kompaniya vakillari mamlakatimizda tadbirkorlik uchun koʻplab jarayonlarni soddalashtiradigan, biznes yuritish qulayligini taʼminlaydigan shart-sharoitlarni qayd etishdi.
Oʻzbekistonda ikki Xitoy kompaniyasining autsorsing ofislari ochilishi mamlakat iqtisodiyoti uchun koʻplab imkoniyatlar yaratadi. “Zyxel” va “Homestyler” kompaniyalari bilan hamkorlik mahalliy mutaxassislar uchun yangi ish oʻrinlarini yaratadi, bu esa fuqarolarning bandlik darajasi va kasbiy rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Xitoylik hamkasblar bilan tajriba va bilim almashish mahalliy IT-kadrlarni rivojlantirishga yordam beradi va Oʻzbekistonning global raqamli texnologiyalar bozoridagi mavqeyini mustahkamlaydi. Xitoy kompaniyalarining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari mavjudligi ham Xitoy bilan hamkorlik aloqalarini yaxshilashga xizmat qiladi.
2024-07-01