2019-yil 23-oktabr kuni “Made in Uzbekistan 2019” koʻrgazmasi doirasida IT-Park Xitoyning ikki xalqaro tashkiloti - Chongqing Heqing Industrial Group Co., Ltd va ShHT mamlakatlarining SCOLAR Network yoshlar platformasi bilan oʻzaro anglashuv memorandumlarini imzoladi.
Mazkur memorandumlarning maqsadi IT taʼlimi faoliyati sohasini rivojlantirish, IT mutaxassislarini oʻqitish va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, oʻzaro hamkorlikda oʻsishni ragʻbatlantirish, dasturiy taʼminot va axborot texnologiyalari sohalarini rivojlantirish boʻyicha tajriba almashish boʻldi.
Memorandumlardan kelib chiqqan holda, tomonlar asosan quyidagilar boʻyicha hamkorlik qiladilar:
1) Texnoparklar va taʼlim ekotizimlarini yaratish va rivojlantirish boʻyicha ilgʻor va innovatsion tajriba almashish;
2) Ilgʻor xorijiy dasturlar va tizimli usullar asosida IT mutaxassislarini kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirishni tashkil etish.
Chongqing Heqing Industrial Group Co., Ltd – bu ShHT Oilasi, Xitoy va ASEAN mamlakatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va ilmiy-texnologik salohiyatni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ShHT Ishchi kengashi Kotibiyati yordami bilan va ShHT Kotibiyati koʻmagida tashkil etilgan, ShHT mamlakatlari uchun Xalqaro savdo-iqtisodiy maydonini boshqaruvchi kompaniyadir.
ShHT SCOLAR Network Yoshlar platformasi oʻzaro aloqalarni mustahkamlash, muloqotni ragʻbatlantirish va mintaqaviy rivojlanishga yordam berish maqsadida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining (ShHT) 18 mamlakatidan kelgan yosh liderlarni birlashtiradi. Eslatib oʻtamiz, SCOLAR joriy yilning avgust oyida IT-Parkning innovatsiyalar boʻyicha direktori Abdulahad Qoʻchqorovdan intervyu olgan edi.
2019-10-28