IT Park xodimi “Xotin-qizlar netvorkingi bo‘yicha eng yaxshi loyiha” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi

IT Park rezidentlari bilan hamkorlik qilish boyicha menejer Komola Ro‘zmetova “5 Tashabbus harakati Toshkent 2021” forumi doirasida o‘z jamoasi bilan “Xotin-qizlar netvorkingi bo‘yicha eng yaxshi loyiha” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Joriy yilning 21–25-may kunlari davlatimiz rahbarining beshta tashabbusida aks ettirilgan barcha yo‘nalishlarni qamrab olgan “5 Tashabbus harakati Toshkent 2021” forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda vokalchilar va raqqosalar tanlovi, turli sport musobaqalari va boshqa qiziqarli o‘yinlar o‘tkazildi. Qolaversa, tadbir doirasida “xotin-qizlar netvorkingi haftaligi” ham tashkil etildi, unda IT Park xodimi Komola Ro‘zmetova ishtirok etdi.

Komola tadbirning o‘zida tashkil etilgan “AUF Group” guruhining lideriga aylandi. To‘rt kun davomida u va yana 6 nafar yosh qizlar biznes va ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan loyihani yaratish ustida ish olib borishdi. Bunda ularga Nigora Oqilova va Madinabonu Ismoilova yordam berishdi.

To‘rt kundan so‘ng, Pitch Day o‘tkazildi. Pitch Day’da Komola o‘z loyihasini muvaffaqiyatli namoyish etdi va hakamlar hay’atining barcha savollariga javob berdi. Hakamlar hay’ati a’zolari quyidagilardan iborat edi:

 - Toshkent shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Durdona Rahimova;

 - Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori  Hilola Umarova;

 - O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanova.

Komola va uning jamoasi turmushga chiqqan va turmushga chiqmagan xotin-qizlar o‘rtasidagi ishsizlik muammosini hal qilishga qaratilgan onlayn ta’lim platformasini ishlab chiqdi.

Tanlov yakunida, Komola Ro‘zmetova jamoasi bilan 20 000 000 so‘mlik katta pul mukofoti bilan taqdirlandi, shuningdek, qozongan g‘alabalarini eslatib turadigan kubokni ham qo‘lga kiritdi.

“Xotin-qizlar netvorkingi haftaligi”da quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha jami 4 ta jamoa ishtirok etdi.

 - Biznes;

 - STEM;

 - Art;

 - Ijtimoiy-ma’rifiy.

Ayni damda Komola Ro‘zmetova O‘zDJTU va ADUning “Kompyuter lingvistikasi” yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olmoqda. O‘qishidan tashqari, Komola ilgari aytib o‘tganimizdek, IT Park rezidentlari bilan hamkorlik olib boorish menejeri sifatida ham faoliyat ko‘rsatadi.

“Men ushbu tadbirda ishtirok etganimdan juda xursandman. Ushbu tadbirning sharofati bilan, o‘zimga kerakli ko‘nikmalarni oldim, yangi bilimlarga ega bo‘ldim, ko‘p tanishlar orttirdim. Xulosa qilib aytganda, bu men uchun ajoyib netvorking bo‘ldi, va men tashkilotchilarga shunaqangi foydali tadbirni tashkillashtirganlari uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, - dedi Komola R o‘zmetova.

 


2021-05-28