Do‘stlar, biz sizlarni kundan kunga IT-sohasi rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan IT Park xodimlari bilan tanishtirishda davom etamiz. An‘anaviy “IT Park yuzi” ruknimizning bu galgi mehmoni - ta‘lim bo‘limining Backend dasturchisi Kirill Chexlatov.
Kirill 18 yoshda. Buxoro viloyatida tug‘ilgan, Buxoro shahridagi №19-sonli maktabni tamomlagan.
Qahramonimiz dasturlash sohasiga 15 yoshida kirib kelgan.
O‘qish davomida u frilanserlik bilan shug‘ullangan, bu unga ta‘lim va dasturlash bo‘yicha amaliyot o‘rtasida muvozanat o‘rnatishga imkon berdi.
Kirill IT Parkdagi faoliyatini 2022-yilda boshlagan.
“IT Park’ning HR xodimi mening rezyumeimni Telegramdagi IT Market sahifasi orqali ko‘rib qolgan. U menga qo‘ng‘iroq qilib suhbatga taklif qildi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tganimdan so‘ng, men sinov muddati bilan Backend dasturchisi sifatida ishga qabul qilindim va ikki oydan so‘ng IT Park’ga rasman ishga joylashdim”.
Hozirda Kirillning vazifalari - Python, Php va JavaScript kabi dasturiy tillardagi saytlarning Backend qismini ishlab chiqish va takomillashtirishdan iborat. Shuningdek, u jamoasidagi boshqa dasturchilarga yordam beradi.
Qahramonimiz yosh bo‘lishiga qaramay, yangi saytlarni yaratishda bevosita ishtirok etgan, jumladan:
https://digitalcentralasia.uz/
Bundan tashqari, Kirill mavjud saytlarning funktsional imkoniyatlarini kengaytirish bilan shug‘ullangan, masalan, https://education.it-park.uz/ va https://it-park.uz/.
Nega aynan IT Park?
Kirillning tan olishicha, faoliyatining boshida u ba‘zi qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, ammo kasbiga bo‘lgan muhabbati va do‘stona jamoa unga to‘siqlarni yengib o‘tishga yordam bergan.
“Har qanday ishda bo‘lgani kabi, dasturchilik sohasida ham bir qancha qiyinchiliklar bor. Misol uchun, bizning holatda, bu ko‘pincha siqilgan vaqt oralig‘i va turli xil xatolarning paydo bo‘lishi. Ammo ajoyib va ahil jamoam tufayli, yo‘limda duch kelgan barcha qiyinchiliklarni osonlik bilan yengib o‘tishga muvaffaq bo‘ldim”.
Tashkilotimiz tomonida tashkil etilgan timbildinglarini tabassum bilan eslayman, ayniqsa Sirli Santa o‘yini va ushbu tadbirning iliq muhiti yodimda qolgan”.
Kirill IT Park tomonidan aholi turmush farovonligini oshirish yo‘lida ulkan ishlar qilinayotganidan va bunday o‘zgarishlarning bir qismi ekanligidan xursand.
“Men IT Park Uzbekistan‘ni tanladim, sababi bu tashkilot kasbiy o‘sish va rivojlanish uchun ko‘plab imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu yerda yuqori malakali mutaxassislar, bir jamoada ishlash va yuqori natijalarga erishish imkonini beruvchi professional va do‘stona muhit mavjud”.
Va yanada faolroq ishlash uchun u qiziqarli vazifalarni ishlab chiqish va o‘z mahoratini doimiy ravishda oshirishdan ilhomlanadi.
O‘zbekistonning IT-sohasi haqida qanday fikrdasiz?
Ruknimiz qahramoni O‘zbekistonda IT-sohasi jadal rivojlanayotgani, bu yo‘nalishda kasb egallashga qiziqayotgan yoshlar soni ortib borayotgani va yaqin kelajakda IT-mutaxassislari eng talabgor kadrlar bo‘lishini ta‘kidlaydi.
“Kelajak raqamli texnologiyalar bilan bog‘liqligi barchamizga ayon. Hukumatimiz tomonidan AKT sohasini rivojlantirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilayotganidan xursandman. IT Park’ning tashkil etilishi IT-ekotizimini shakllantirish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘ldi, bu butun mamlakat IT-bozorining rivojlanishi uchun mustahkam asos bo‘la oladigon poydevordir. Agar IT Parkning hissasi haqida gapiradigan bo‘lsam, tashkilotimiz yosh avlodni ish bilan ta‘minlaydi, ularni IT-ko‘nikmalarga o‘rgatadi, inklyuziv ta‘lim masalalariga katta e‘tibor qaratadi va bu har qanday davlat taraqqiyotidagi muhim jihatdir”.
Tashkilot tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, deya davom etadi Kirill, O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligini va uning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga yordam bermoqda.
“Mamlakatimiz endigina IT-sohasi taraqqiyoti ostonasida ekan, IT Park - bu O‘zbekistondagi startaplar uchun birinchi jamoat markazidir va bizda bu sohaning rivojlanish istiqbollari borligiga ishonaman. Ko‘plab xorijiy investorlar IT-loyihalari uchun O‘zbekistonni tanlayotgani muhim ko‘rsatkichdir. Demak, mamlakatimiz to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilmoqda va oldinda bizni yanada ko‘proq yutuqlar va muvaffaqiyatlar kutmoqda".
Sevimli mashg‘ulotingiz va orzularingiz haqida so‘zlab bering.
Kirillning sevimli mashg‘ulotlari - dasturlash bo‘yicha maqolalar va kitoblarni o‘qish, yangi freymvorklar va kutubxonalarni o‘rganish. Bo‘sh vaqtlarida psixologik va falsafiy adabiyotlarni ham o‘qishni xush ko‘radi.
Dasturlash sohasida yuqori mahoratga ega bo‘lish maqsadida, bizning qahramonimiz Massachusetts texnologiya institutining axborot texnologiyalari fakultetiga o‘qishga kirishni rejalashtirmoqda.
“Hozirda mening eng katta orzuim - Massachusetts texnologiya institutiga kirish. Men bu institutni bir sababga ko‘ra tanladim: u uzoq vaqtdan beri o‘zining yuqori sifatli dasturlari va malakali o‘qituvchilari bilan mashhur. Ishonchim komilki, aynan shu yerda men o‘z maqsadlarimni va orzularimni ro‘yobga chiqara olaman va dasturchilik faoliyatimda muvaffaqiyatga erishaman. Va kelgusida men ulkan yutuqlarga erishishimga ishonaman!”
Agar siz IT Park jamoasining bir qismi bo‘lishni, ishlashni va rivojlanishni istasangiz, o‘z rezyumeingizni hr@it-park.uz elektron pochta manziliga yuboring.
2023-02-10