IT Parkda ishtirokida startaplar uchun hujjatlarni standartlashtirish masalasiga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston startap ekotizimida huquqiy va operatsion shaffoflikni oshirish maqsadida IT Park’da investitsiya bitimlarini tuzishda startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqilgan namunaviy huquqiy hujjatlarni muhokama qilishga bag‘ishlangan amaliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mamlakatning yetakchi venchur fondlari, jumladan “AloqaVentures”, “IT Park Ventures”, “SQB Ventures”, “UC Ventures”, shuningdek Yoshlar biznesini rivojlantirish jamg‘armasi vakillari qatnashdi. Muhokamaga allaqachon investitsiyalar jalb qilgan va investorlar bilan hamkorlik qilish bo‘yicha amaliy tajribaga ega bo‘lgan startap asoschilari ham qo‘shildi.

Uchrashuv doirasida ishtirokchilar huquqiy hujjatlarning mavjud namunalarini ko‘rib chiqib, ularni takomillashtirish yo‘llarini taklif etdilar. Asosiy e’tibor quyidagilarni hisobga olgan holda qo‘shimcha shablonlarni ishlab chiqish zarurligiga qaratildi:

  • startaplarni rivojlantirishning dastlabki va keyingi bosqichlarida bitimlarning o‘ziga xos xususiyatlari;
  • xorijiy investorlar ishtirokidagi investitsiya bitimlari;
  • korporativ boshqaruv va taraflar o‘rtasida huquqlarni taqsimlash masalalari.

Venchur fondlari vakillari bozorning barcha ishtirokchilari uchun yagona standart bo‘ladigan namunaviy hujjatlarning keng va ochiq bazasini yaratish tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar. Bundan tashqari, quyidagilar uchun alohida shablonlar to‘plamini ishlab chiqish taklifi ilgari surildi:

  • yangi xususiy venchur fondlarini tashkil etish va ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • amaldagi qonun hujjatlari va xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda xususiy investorlar (shu jumladan, farishta investorlar) faoliyatini tartibga solish.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar va bozorning dolzarb ehtiyojlarini aks ettirish hamda O‘zbekistondagi investitsiya muhitining barqaror o‘sishini ta’minlash uchun huquqiy hujjatlar bazasini muntazam yangilab borishga kelishib oldilar.

IT Park startaplar, investorlar va ekspertlar o‘rtasida faol vositachi sifatida, mamlakatda texnologik tadbirkorlikni barqaror rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy infratuzilmani shakllantirishga hissa qo‘shishni davom ettiradi.

2025-05-14