2024-yil 24-dekabr kuni Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligida IT Park Uzbekistan koʻmagida mamlakatimizda ilk bor oʻtkazilayotgan axborot texnologiyalari sohasidagi ayollar uchun muhim tadbir — “Yulduz Tech Awards” boʻlib oʻtdi. 25 nafar xotin-qiz texnologiya sohasidagi salmoqli yutuqlari uchun mukofotlarga sazovor boʻldilar.
Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos o‘z nutqida shunday dedi:
“Biz IT sohasida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish tarafdorimiz. O‘zbekiston iqtidorli yoshlarga boy va texnologiyaga intiluvchan, ijodkor qizlarimiz har doim oldingi safda. Xotin-qizlarning texnologiya sohasidagi imkoniyatlarini oshirish bu milliy g‘urur va kelajakka sarmoya. Birgalikda har bir qizning raqamli dunyoda o‘z hissasini qo‘shishi uchun inklyuziv va innovatsion jamiyat yaratamiz.”
“Biz ayollarning IT sohasidagi ishtirokini oshirishga intilamiz. Oʻzbekiston iqtidorli yoshlarga boy mamlakat boʻlib, bizning shijoatli va ijodkor qizlarimiz oldinga intilmoqdalar. Yosh xotin-qizlarning texnologik sohada imkoniyatlarini kengaytirish milliy iftixorimizdir. Toʻsiqlarni yengib oʻtib, biz ayollarga texnologiyalar sohasida yetakchilik qilish yoʻlini ochamiz. Texnologiya sohasida ayollarni qoʻllab-quvvatlash — bu kelajakka sarmoya kiritish boʻlib, u barchaga foyda keltiradi. Birgalikda biz har bir qiz va ayol raqamli dunyoni shakllantira oladigan inklyuziv, innovatsion kelajakni yaratishimiz mumkin,“ — dedi Raqamli texnologiyalar vazirining taʼlim boʻyicha oʻrinbosari Rustam Karimjonov.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston axborot texnologiyalari sohasida xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashda sezilarli yutuqlarga erishdi. Mamlakat “Coursera” platformasida onlayn oʻqitish boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi, bunda talabalarning 49 foizini ayollar tashkil etadi. “One Million Uzbek Coders”, “IT-isteʼdod” kabi dasturlar va xalqaro IT-sertifikatlar uchun xarajatlarni qoplash imkoniyati yoshlarga jahon darajasidagi taʼlim olish uchun real imkoniyatlar taqdim etmoqda. Bundan tashqari, Gender tenglik va boshqaruv indeksi (GEGI) natijalariga koʻra, Oʻzbekiston 103-oʻrindan 52-oʻringa koʻtarildi. Bu yutuq IT va STEM sohalarida ayollarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha saʼy-harakatlar tufayli ham erishildi.
“Biz mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasida faol rivojlanayotgan isteʼdodli ayollar avlodi oʻsib borayotganidan faxrlanamiz. Ayollarni IT sohasida qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib, biz ularning kasbiy oʻsishi va muvaffaqiyatli karyerasi uchun imkoniyatlar yaratishda davom etamiz,“ — dedi Kamola Sobirova, Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi.
Tadbir ishtirokchilari oʻrtasida netvorking, shuningdek, STEM sohasidagi mutaxassislar orasida tajriba almashishga alohida eʼtibor qaratildi. Tadbir xotin-qizlarga taʼlim berish, murabbiylik qilish va ularni karyerasida qoʻllab-quvvatlash uchun ajoyib platforma boʻldi.
“Yulduz Tech Awards doirasida biz IT sohasida yangi ufqlarni ochayotgan ayollarni qoʻllab-quvvatlayotganimizdan mamnunmiz. Ushbu tashabbus texnologiya va innovatsiyalardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish boʻyicha strategik yondashuvimizning muhim qismidir. Biz har yili texnologiya sohasida yetakchi oʻrinlarni egallab turgan koʻproq ayollarni koʻrishga ishonamiz va ularni bu yoʻlda qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz,“ — dedi Jamila Xalibaeva, IT Park Uzbekistan Xalqaro marketing boʻyicha direktori.
“Yulduz Tech Awards” muhim voqea boʻldi va axborot texnologiyalari sohasida ayollar salohiyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish uchun har yili oʻtkaziladigan anʼanaga aylanish imkoniyatiga ega.
Tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan IT Park Uzbekistan koʻmagida va “Yandex Uzbekistan”, “TBC Uzbekistan”, “Korzinka”, “ZTE”, ʼClick”, “Qand”, IT taʼlim assotsiatsiyasi, “Women in Tech Uzbekistan”, “Lerna”, shuningdek, “GAP” va “IT Ladies” hamjamiyatlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
2024-12-25