IT-Technopark Qarshi: AQSHning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi!

Joriy yilning 26-mart kuni IT Park direktorining mintaqaviy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulahad Qo‘chqorov AQShning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblum bilan Qarshidagi IT texnoparkda uchrashuv o‘tkazdi.



 

Uchrashuv davomida, AQSH elchisiga tashkilot faoliyati va tashkil etilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berildi. 

Tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish bo‘yicha USAID loyihasi bilan birgalikda tashkil qilingan Tumaris Tech loyihasi, Techbika loyihasi va boshqa loyihalarga alohida eʼtibor qaratildi. Tumaris.Tech - AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan birgalikda IT Park tomonidan amalga oshirilgan loyiha. Ushbu loyiha 2020-yil avgust oyida joriy qilingan bo‘lib, uning doirasida ayni damda ayollarning tadbirkorlik tashabbuslari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Loyiha ayollarni kuchaytirilgan tarzda ICT ekotizimiga jalb qilishga qaratilgan: frilanser sifatida ishlashni xohlovchi ayollarga taʼlim jarayonlarini tashkil qilib berish hisobiga BPO‘ni (Business Prossess Outsoursing) rivojlantirishdan tortib, startaplarni rivojlantirish va investitsiyalarga o‘qitishgacha.

Eslatib o‘tamiz, birinchi komponent doirasida qizlarga o‘zbek tilida quyidagi 5 ta yo‘nalish bo‘yicha taʼlim olish imkoniyati taqdim etiladi:  

1.  SMM va kopirayting;

2.  Grafik dizayn

3.  Veb dasturlash

4.  Mobil dasturlash

5.  Kompyuter savodxonligi; 

Ayni paytda loyihaning birinchi to‘lqini o‘z yakuniga yetgan. Statistik maʼlumotlarga ko‘ra, hozirgi kunga qadar allaqachon loyihaning 2 ta to‘lqini ishga tushirilgan, 3500 dan ortiq ariza kelib tushgan va 200 dan ortiq xotin-qizlarga kurslarda o‘qish imkoniyatlari berilgan.

Ikkinchi komponent biznesni rivojlantirishga yordam beruvchi inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarida guruhlarni tayyorlash orqali xotin-qizlar startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunga qadar inkubatsiya/akseleratsiya dasturlarining 2 ta to‘lqini amalga oshirildi va aprel oyida bo‘ladigan «Tumaris.Tech Expo» tadbiriga startap-loyihalar tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Shuningdek, dasturning ikkinchi to‘lqini uchun 450 ta ariza kelib tushdi va 30 ta loyiha o‘qishni muvaffaqiyatli yakunladi. Jami 90 soatdan iborat 50 ta dars tashkil etildi. 

Uchinchi komponentni amalga oshirish jarayonida respublikamizda investitsiya muhitini rivojlantirishga qaratilgan biznes angellar maktabi ochildi. Tashkil etilgan bir qator tadbirlar istiqbolli investor va biznes-angellar bazasini yaratishga imkon yaratdi. Statistikaga ko‘ra, mazkur komponentni amalga oshirish doirasida jami 250 tadan ko‘p ariza kelib tushi, 70 nafar kishi vebinarlarda faol ishtirok etdi va eng asosiysi, 10 ta investor bilan aloqa o‘rnatildi.

Shu bilan birga, 2020-yil 3-dekabr kuni Tumaris Tech loyihasi “WomenTech Global Awards 2020” xalqaro tanlovida O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi va butun jamiyatimizga mamlakatimiz qizlarida mavjud bo‘lgan barcha ichki imkoniyatlarni namoyish etish g‘oyasini berganligi uchun “Upskill and Reskill program of the Year” toifasi finalistlari orasida uchinchi o‘rinni egallaganligini unutmasligimiz lozim.

«Techbika» loyihasi ham o‘zini yaxshi namoyish qildi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Xorazm viloyati Urganch shahridagi IT Park bilan birgalikda tashkil etildi.

«Techbika» — bu rezident korxonalar uchun mutaxassislarni tayyorlash doirasida 1000 nafar xotin-qizlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va dasturlashga o‘rgatishga qaratilgan loyiha.

Loyihaning maqsadi- 1000 nafar o‘quvchi qizlarni axborot texnologiyalari va xar xil sohalar bo‘yicha keng qamrovli o‘quv dasturi orqali yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash. 

Loyihada barcha qizlar, yaʼni maktab bitiruvchisi, OTM talabasi, oliy taʼlim muassasasiga kira olmagan abituriyent qizlar va kam taʼminlangan oiladan chiqqan qizlar qatnashishi mumkin.

1-bosqichda professional taʼlim va IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun 8 ta yo‘nalish bo‘yicha kompleks o‘quv dasturi tashkil etilgan:

• Ingliz tili;

• Kompyuter savodxonligi;

• Dasturlash;

• Loyihalar boshqaruvi;

• Robototexnika;

• Freelansing;

• Grafik dizayn;

• “One Million Uzbek Coders” loyihasi

2-bosqichda iqtidorli qizlar uchun «Start-up» loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishida yordam berish. Keyinchalik ishtirokchilarga ishga joylashishida yordam ko‘rsatiladi.

Daniel, o‘z o‘rnida, spikerlarni katta qiziqish bilan tingladi va loyihaga oid o‘zini qiziqtirgan savollarni berdi.

AQShning O‘zbekistondagi elchisiga gender tengligini rivojlantirish, AgroTech sektoridagi OTMlarda inkubatsiya markazlarini ochish va boshqa ko‘pgina loyihalarni birgalikda amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlash taklif etildi.

Uchrashuv yakunida IT Park vakillari va Daniel Rozenblum IT Park va AQSh o‘rtasida hamkorlik o‘rnatishga va IT Park loyihalarida AQSh tashkilotlarining faol ishtirok etishiga umid bildirdi.













 

 

2021-03-29