Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Janubiy Koreyaning “Nexon”, “Creators Factory”, “Studio Popcorn”, “Like Corporation” (Unity), “Proxy Planet” kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Delegatsiya tarkibida “Nexon Korea” platforma bo‘limi direktori Pe Chjun Yon, “Creators Factory” bosh direktori Shin So Xon, “Studio Popcorn” bosh direktori Xvan Chjun Xo, “Like Corporation” (Unity) bosh direktori Chxve Kan Be va “Proxy Planet” hammuassisi Chxve Sam Xa ishtirok etdi. Uchrashuvda tomonlar hamkorlik istiqbollari, shuningdek, Koreya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Nexon — 1994-yilda tashkil etilgan Janubiy Koreyaning o‘yin ishlab chiqaruvchi kompaniyasi. Kompaniya “MapleStory”, “Dungeon & Fighter” va “KartRider” kabi loyihalari bilan mashhur. Hozirgi kunda “Nexon” butun dunyo bo‘ylab 7000 dan ortiq xodimga ega va 2024-yilda yillik aylanmasi 6,98 milliard dollarni tashkil etdi.
Uchrashuv O‘zbekistonning kompaniyani kengaytirish uchun nashriyot yoki ishlab chiqish markazini ochish imkoniyatlarini namoyish etishga qaratildi. “Nexon” allaqachon kontentni mahalliylashtirish va o‘z yechimlarini Markaziy Osiyoda joriy etishga qiziqish bildirmoqda.
Creators Factory — 1999-yilda tashkil etilgan Seuldagi kreativ studiya bo‘lib, o‘yin ovozi, dublyaj va fon musiqasini yaratishga ixtisoslashgan. Uning loyihalari orasida “Superuide”, “Tower of Fantasy” va boshqa mashhur o‘yinlar mavjud.
Tashrif chog‘ida kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga kirish jarayoni va mahalliy ovoz muhandisini yollash rejalari muhokama qilindi. Kompaniya o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilgan holda koreys o‘yin loyihalari uchun professional ovoz berish xizmatlarini ko‘rsatishni rejalashtirmoqda.
Studio Popcorn — IP-kontent bilan ishlaydigan animatsion studiya bo‘lib, 2020-yilda Seulda tashkil etilgan. Studiya ishlanmalari orasida “Bickleberry”, “Hungry BOBO”, “Henry Danger”, “Ninja Hattori-kun” va “Papa DOC” loyihalari bor.
Studiya O‘zbekistonda ofis ochish, animatsiya sohasida mahalliy kadrlarni tayyorlash, shuningdek, Osiyo va G‘arb bozorlari uchun dublyaj va kontent yaratish xizmatlarini ko‘rsatishga qiziqish bildirdi. Tomonlar kompaniyaning O‘zbekiston ekotizimiga kirishi bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qildilar.
Like Corporation (Unity) — 2010-yilda tashkil etilgan kompaniya bo‘lib, “Unity” platformasida o‘yinlarni ishlab chiqishni o‘rgatish, sun’iy intellekt kurslarini yaratish va amaliy dasturlarni o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, marketing va brend konsalting xizmatlarini taqdim etadi.
2025-yil aprel oyida kompaniya Seulda IT Park vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, kurslarni yo‘lga qo‘yish va O‘zbekistonda ofis ochish rejalarini taqdim etdi. Joriy uchrashuv doirasida ta’lim dasturlarini mahalliy auditoriyaga moslashtirish bo‘yicha muzokaralar davom ettirildi.
Proxy Planet — 2023-yilda Seulda tashkil etilgan konsalting kompaniya. U o‘yin ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yangi bozorlarga chiqish, investitsiyalarni jalb qilish, kibersport yo‘nalishlari va ta’lim tashabbuslarini rivojlantirishga yordam beradi.
“Proxy Planet” allaqachon IT Park’ga Koreya kompaniyalarini jalb qilishda yordam bermoqda — hamkorlik natijalaridan biri O‘zbekistonda “Eden Labs” nashriyotining ishga tushirilishidir. Uchrashuvda hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
IT Park Uzbekistan xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, o‘yin texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda davom etmoqda. Janubiy Koreya o‘yin sanoati vakillari bilan olib borilgan tashabbuslar va muhokamalar mahalliy o‘yin ekotizimini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va ilg‘or bilimlarni uzatish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. IT Park bunday loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga, ularning barqaror integratsiyasi va O‘zbekistonning eksport salohiyatini kengaytirishga hissa qo‘shishga tayyor.
2025-07-23