Janubiy Koreya va O‘zbekiston startap ekotizimlari o‘rtasidagi strategik hamkorlik imkoniyati

Janubiy Koreyaning “Sun Chun Xyan” universiteti (SCH) delegatsiyasi va ular tomonidan yaqinda tashkil etilgan beshta startap kompaniya IT Park vakillari bilan uchrashdilar. Tashrif chogʻida SCH delegatsiyasi uchun IT Park boʻylab ekskursiya uyushtirilib, unda tashkilotning faoliyati, afzalliklari va xalqaro hamkorlar uchun maxsus dasturlari qayd etildi.

“Sun Chun Xyan” universiteti (SCH) taʼlim va xalqaro hamkorlikka boʻlgan innovatsion yondashuvlari bilan mashhur boʻlib, Janubiy Koreyaning yetakchi taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Talabalarning kasbiy rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida universitet bir qator startaplar va IT-kompaniyalar bilan faol hamkorlik qiladi.

SCH universitetining IT Parkka tashrifidan koʻzlangan maqsad IT sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganish va xalqaro aloqalarni mustahkamlashdan iborat edi. Uchrashuvda IT Park va SCH oʻrtasidagi hamkorlik imkoniyatlari, jumladan, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish va Oʻzbekiston bozorida innovatsion loyihalarni ilgari surish imkoniyatlari muhokama qilindi. SCH vakillari IT Parkning startaplarni qoʻllab-quvvatlash dasturlari va xalqaro hamkorlar uchun maxsus imtiyozlarga ulkan qiziqish bildirishdi.

Uchrashuv natijasida hamkorlik masalalari boʻyicha batafsil muzokaralarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, SCH vakillari 13-iyun kuni boʻlib oʻtadigan onlayn seminarga va 24-iyul kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilayotgan “Global Business Service Forum” tadbiriga taklif qilindi. Mazkur tadbirlar Koreya delegatsiyasida katta qiziqish uygʻotdi.

Janubiy Koreya kompaniyalari mamlakatimizning kadrlar salohiyati va kuchli davlat koʻmagiga qiziqish bilan Oʻzbekistonning texnologik landshaftini oʻrganishda davom etmoqda, bu esa autsorsing sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish imkonini beradi. Ushbu hamkorlik axborot texnologiyalari sohasida yangi loyihalarning oʻsishiga va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi, shuningdek, bilim va tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

2024-06-10