18-20 mart kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Oʻzbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan hamkorligida tashkil etilgan “Offshore Outsourcing Tour 2024” xalqaro ITES tadbiri boʻlib oʻtmoqda.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad xalqaro kompaniyalarga Oʻzbekistonning axborot tehnologiyalari sohasi va outsourcing yo’nalishi, shuningdek, mamlakatga sarmoya kiritish uchun hukumat tomonidan yaratilgan imkoniyat va chora-tadbirlarni namoyish etishdan iborat.
Mazkur tadbir doirasida “Jetruck Logistics” IT Park rezidenti “Offshore Outsourcing Tour 2024” ishtirokchilari delegatsiyasini qabul qilib, ularga haqiqiy ish jarayoni bilan tanishish va autsorsing sohasida faoliyat olib borayotgan kompaniyaning muvaffaqiyatli tajribasi bilan tanishish uchun noyob imkoniyatni taqdim etishdi.
“Jetruck Logistics” kompaniyasi AQShdan Toshkentga logistika, dispetcherlik, treking, monitoring, buxgalteriya hisobi va boshqa jarayonlarni autsorsing qilish boʻyicha xizmatlarning toʻliq toʻplamini taqdim etadi. Kompaniya toʻliq autsorsingga yoʻnaltirilgan boʻlib, oʻz mijozlariga 24/7 xizmat koʻrsatadi.
“Jetruck Logistics” kompaniyasi faoliyati toʻgʻrisidagi taqdimotni katta menejer Zuxriddin Murodov oʻtkazib, kompaniya xizmatlari haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi va tadbir qatnashchilarining savollariga javob berdi.
Tadbir ishtirokchilarini qiziqtirgan asosiy masalalar mehnat sharoitlari, operatsion boshqaruv, oʻrtacha ish haqi va ish tartibi boʻldi. “Jetruck Logistics” rahbariyati kompaniya oʻz xodimlariga ertalab va tungi smenalarda ishlash imkoniyatini taqdim etishini, bu esa monitoring va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarga tezkor javob qaytarish uchun doimiy aloqani taʼminlashini eʼtirof etdi. Shuningdek, u kompaniyada faoliyat olib borish xorijiy buyurtmalarni qayta ishlash uchun ingliz tilini yuqori darajada bilishni talab qilishini taʼkidladi.
Tashrif yakunlari boʻyicha ishtirokchilar “Jetruck Logistics” kompaniyasi bilan kelgusida hamkorlik qilish va autsorsing sohasida tajriba almashishga qiziqish bildirdilar.
2024-03-19