Jizzaxda “Onlayn biznes” mavzusiga bag‘ishlangan master klass bo‘lib o‘tdi

Biznesni hozirgi zamon talablari bilan hamnafas tarzda olib borish zarurati ortib borayotganligi tufayli IT Park Respublikamizning har bir viloyatida muntazam ravishda “Onlayn-biznes” mavzusiga bag‘ishlangan ommaviy master-klasslarni o‘tkazib kelmoqda.

15-iyun kuni IT Park tashabbusi bilan “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi hamkorligida Jizzax shahridagi Yoshlar innovatsion markazida “Onlayn biznes” mavzusiga bag‘ishlangan master klass bo‘lib o‘tdi. Master klassda 100 dan ziyod yoshlar ishtirok etdi.

100 nafarga yaqin tinglovchilar Jizzax shahridagi Yoshlar innovatsion markazida yig‘ilib, onlayn rejimda o‘z korxonalarini ishga tushirish va rivojlantirish yuzasidan kerakli ma’lumotlarni olishga muvaffaq boʻlishdi. IT Park’ning asosiy faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berilgandan so‘ng, ekspertlar yurtimizda barcha sohada yangilik va innovatsion g‘oyalarga talabning katta ekanligi ta’kidlab, “Startap o‘zi nima va biz uni nima maqsadda rivojlantiramiz” mavzusida munozaralar olib borishdi.

Hozirgi kunda potensial xaridorlar mahsulot va xizmatlarni internet orqali tanlaydiganligi hisobga olgan holda, ekspertlar biznes yuritishning afzalliklari hamda uni ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilish orqali maqsadli auditoriyani jalb qilish usullari haqida batafsil so‘zlab berdi.

Master klass davomida ishtirokchilar SMM nima ekanligi va nima uchun kundan kunga SMM mutaxassislariga bo‘lgan talabning ortib borayotganligi, shuningdek, Instagram ijtimoiy platformasida o‘z kompaniyasi sahifasini yuritishning ijobiy tomonlari haqida bilib olishdi.

Master klass yakunida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi, tadbirning eng faol ishtirokchilar esa IT Park tomonidan maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.

2021-06-23