Sarvinoz Bultakova asli jizzaxlik bo‘lib, O‘zbekiston, Xitoy va Polshada ta’lim olgan. Hozirda u “Cisco” global texnologiya kompaniyasida muhandis-maslahatchi sifatida faoliyat yuritmoqda. IT Park Uzbekistan va “The Tech” bilan suhbatda u tarmoq muhandisligini qanday kashf etgani, o‘z maqsadlari va ildizlariga sodiq qolgan holda xalqaro kompaniyada qanday karyera qurgani haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, ko‘p madaniyatli jamoada ishlash, karyera va shaxsiy hayot muvozanati hamda O‘zbekistonda IT sohasining istiqbollari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Sarvinoz Bultakova, Jizzax shahri, Consulting Engineer, Cisco, LinkedIn
O‘zim haqimda
Men O‘zbekistonning Jizzax shahrida tug‘ilib o‘sganman. Bolaligimdan chet elda o‘qishni orzu qilardim va texnologiyalarga qiziqishim juda kuchli bo‘lgan — internet qanday ishlashi va dasturlar qanday yaratilishi meni doimo qiziqtirardi.
Mening ta’lim yo‘lim Jizzax shahridagi A. S. Pushkin nomidagi 1-sonli maktabda boshlandi, keyin shu yerdagi kollejni tamomladim. 19 yoshimda Xitoyning “Changzhou Institute of Mechatronic Technology” institutiga o‘qishga kirdim va u yerda muhandislik bo‘yicha ta’lim oldim. Birinchi yilni ingliz tili dasturi bo‘yicha xitoy tilini o‘rganishga bag‘ishlab, HSK 4 sertifikatini qo‘lga kiritdim (xitoy tilini bilish imtihoni, IELTS’ga o‘xshash). Xitoyga borishdan oldin IELTS’dan 7.0 ball oldim, bu esa menga chet elda bemalol o‘qish imkonini berdi.
COVID-19 pandemiyasi boshlanganida O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘ldim, lekin olti oydan keyin o‘qishni davom ettirish uchun Polshaga hujjat topshirdim. Men “Vincent Pol University”ni nafaqat ta’lim sifati yuqori bo‘lgani uchun, balki Polsha Yevropa Ittifoqidagi eng xavfsiz va ayni paytda o‘qish uchun iqtisodiy jihatdan qulay mamlakatlardan biri hisoblanganj sababli ham tanladim. U yerdagi barcha kurslar ingliz tilida olib borilardi va men “Biznes menejment” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni muvaffaqiyatli tamomladim.
Polshada o‘qish paytida tarmoq muhandisligi bo‘yicha qo‘shimcha kurslarga ham qatnashdim, bu esa IT sohasiga bo‘lgan qiziqishimni yana bir bor uyg‘otdi. Aynan o‘shanda internetning qanday ishlashini tushunib yetdim va texnologiyalar shunchaki qiziqish emas, balki karyeramni bag‘ishlamoqchi bo‘lgan yo‘nalish ekanligini angladim.

Kasbiy yo‘l haqida
O‘qish davomida amaliy ish tajribasini orttira boshladim. Dastlab “McDonald’s” restoranida yarim stavkada ishladim, u yerda jamoada ishlashni, odamlar bilan samarali muloqot qilishni va vaqtni boshqarishni o‘rgandim. Bu tajriba menga dastlabki kasbiy intizom ko‘nikmalarini va mijozlar bilan munosabatlarning ahamiyatini tushunish imkonini berdi.
Shu bilan bir vaqtda frilanser sifatida dala muhandisi bo‘lib ishladim va muhandislik bilimlarimni real loyihalarda qo‘lladim. Bu ish menga texnik va tahliliy ko‘nikmalarimni rivojlantirish, amaliy masalalarni yechishni o‘rganish hamda IT va muhandislik sohasidagi o‘zimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash imkonini berdi.
O‘qishni tugatganimdan so‘ng, menga “Cisco” kompaniyasida bir yillik amaliyot o‘tash taklif qilindi, bu mening karyeramda muhim bosqich bo‘ldi. Amaliyot davomida men IT va tarmoq texnologiyalari sohasida amaliy tajriba orttirdim, shuningdek, CCNA (Cisco Certified Network Associate) sertifikatini muvaffaqiyatli qo‘lga kiritdim.
Amaliyot yakunida menga doimiy ish taklif qilindi va o‘shandan beri o‘z ko‘nikmalarimni rivojlantirishda davom etmoqdaman, jumladan, CCNP-SP Core (Cisco Certified Network Professional — Service Provider Core) bilimlarini o‘rganmoqdaman. Bu jarayon menga kompaniya ichida o‘sish va kasbiy bilimlarimni chuqurlashtirishga yordam beradi. Zamonaviy dunyoda texnologiyalar juda tez rivojlanmoqda va malakali mutaxassis bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘rganish lozim. “Cisco”da ishlash okeanni eslatadi — bu yerda cheksiz bilim va imkoniyatlar mavjud, o‘rganish esa hech qachon tugamaydi.

Hozirda men “Cisco” kompaniyasida maslahatchi muhandis lavozimida ishlayman. Mening vazifalarim quyidagilarni o‘z ichiga oladi: mijozlar uchun yechimlar va infratuzilmani loyihalash, texnik xizmatlar ko‘rsatish, mijozlar biznesini rivojlantirish uchun eng yaxshi texnologiyalarni tanlash va joriy etishda yordam berish.
“Cisco” kompaniyasiga kirish uchun men murakkab besh bosqichli suhbat jarayonidan o‘tishim kerak bo‘ldi: texnik tekshiruv, muloqot qobiliyati sinovlari, taqdimot, HR-suhbat va yakuniy kelishuv. Har bir bosqich texnik bilimlardan tortib professional muloqot va taqdimot ko‘nikmalarigacha bo‘lgan turli qobiliyatlarni sinovdan o‘tkazdi. Faqat o‘z ustimda tinimsiz ishlash va rivojlanishga intilish tufayli bu yo‘lni muvaffaqiyatli bosib o‘ta oldim.
“Cisco”da ishlash ko‘plab imkoniyatlarni ochadi: men xalqaro loyihalarda qatnashaman, Yevropa Ittifoqining ko‘p mamlakatlariga safar qilaman, dunyo bo‘ylab hamkasblarim bilan tajriba almashaman va texnologiya sohasida uzoq muddatli karyera quraman. Pandemiyadan so‘ng ish sharoitlari yanada moslashuvchan bo‘ldi: odatda haftasiga 2–3 kun masofadan ishlayman, bu yo‘lga ketadigan vaqtni tejaydi va jamoa bilan aloqani saqlab qolgan holda qulay sharoit yaratadi.

Chet elda ishlash haqida
Jamoamizda raqobat yo‘q. “Cisco” singari global kompaniyaning bir qismi bo‘lish ichki raqobatni kamaytiradi va o‘rganish hamda rivojlanishga ko‘proq e’tibor qaratishni anglatadi. Qanchalik ko‘p bilim va ko‘nikmalar egallasangiz, shunchalik ko‘p imkoniyatlar ochiladi. “Cisco”da texnologiyalar doimiy ravishda takomillashib boradi va ular bilan birga doimo o‘sish imkoniyati mavjud.
Ish muhiti do‘stona va har bir sa’y-harakat qadrlanadi — hatto kichik yutuqlar ham jamoa va rahbariyat tomonidan e’tirof etiladi. Biz global jamoada ishlaymiz. Natija ko‘rsatsangiz, muammolar bo‘lmaydi.
“Cisco” kabi xalqaro kompaniyalarda quyidagilar qadrlanadi:
Bundan farqli o‘laroq, mahalliy kompaniyalarda til to‘sig‘i qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Misol uchun, Polshada ko‘plab bo‘sh ish o‘rinlari polyak tilini mukammal bilishni talab qiladi, bu esa muloqotni murakkablashtiradi.

Xalqaro kompaniyadagi maosh quyidagilarga bog‘liq: tajriba, mavjud ko‘nikmalar va yashash mamlakati. Polshada istiqomat qilganim sababli, daromadim Polsha qonunlari asosida tartibga solinadi, biroq umuman olganda, xalqaro kompaniyalar raqobatbardosh maosh va qo‘shimcha imtiyozlarni taklif etadi: tibbiy sug‘urta, Multisport kartalari, yillik o‘suvchi mukofot. O‘rtacha hisobda, xalqaro kompaniyadagi muhandis yiliga taxminan 62 ming dollar daromad oladi.
Umuman olganda, Polshada yashash va ishlash menga yoqadi. Ish vaqtim soat 9:00 dan 17:00 gacha, ishdan so‘ng esa sog‘lom turmush tarzini yuritishga intilaman. Do‘stlarim bilan tez-tez uchrashib turamiz — yangi bilimlarni muhokama qilamiz, tillarni mashq qilamiz, tajriba almashamiz. Kundalik hayotimda sport bilan shug‘ullanishga vaqt ajratishga harakat qilaman: fitnes, yoga, suzish, pilates. Haftasiga 4 marta, odatda ertalab soat 7–8 da mashg‘ulotlar o‘tkazaman.
“Cisco” kompaniyasi, shuningdek, xayriya ishlari uchun yiliga 10 kun ajratadi. Bu vaqtda biz ezgu ishlar qilishimiz mumkin bo‘lgan sana va joyni tanlay olamiz. “Xayriya vaqti” (Time to Give, T2G) davomida biz odatda ishtirok etishimiz mumkin bo‘lgan turli tadbirlar haqida elektron pochta orqali xabarlar olamiz. T2G kunlarida ertalab, odatda soat 7–8 lar atrofida to‘planib, xayrli ishlarni amalga oshiramiz. Bu bog‘larni tozalash, keksalar bilan sayr qilish, muhtojlar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash va yetkazib berish kabi ishlar bo‘lishi mumkin. Aslida, tadbirlar juda xilma-xil va har kim o‘ziga yaqin bo‘lganini tanlashi mumkin.
O‘zbekistondagi rivojlanish haqida
Hozirda O‘zbekistonda ham kuchli kompaniyalar va qiziqarli loyihalar paydo bo‘lmoqda. Mamlakatda rivojlanish va xalqaro kompaniyalarga masofadan turib xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud.
Bugungi kunda ko‘plab yosh IT-mutaxassislar O‘zbekistonda barqaror ish o‘rinlarini topmoqda. Davlat teng imkoniyatlar yaratib, IT sohasining rivojlanishini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonning IT sanoati sezilarli darajada o‘sdi. Startaplar, texnoparklar, maktablar va akseleratorlar soni ko‘paydi. Yosh mutaxassislar yangi texnologiyalarni faolroq o‘zlashtirish va chet tillarini o‘rganishga kirishdi.
O‘zbekiston mintaqadagi eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Kasbiy jihatdan o‘sish uchun chet elga ketish shart emas. Eng muhimi quyidagilarga ega bo‘lish:

Kelajak rejalari haqida
Men “Cisco” kompaniyasida ishlashni davom ettirib, o‘z sohamda eng yaxshi muhandislardan biri bo‘lishni istayman. Yakuniy maqsadim — Distinguished Engineer (Taniqli muhandis) darajasiga erishish — bu muhandis erishishi mumkin bo‘lgan eng yuqori daraja. Aynan shunga intilaman va bu darajaga yetish uchun uzluksiz o‘qib-o‘rganishga, kasbiy bilimlarimni rivojlantirish va kengaytirishga o‘zimni butunlay bag‘ishlayman.
Kelajakda O‘zbekistonda mahalliy IT sanoatini rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida o‘z loyihamni yaratishni rejalashtirmoqdaman. Tarmoq va telekommunikatsiya uskunalarini, shuningdek IT sohasi uchun yuqori texnologiyali yechimlarni ishlab chiqadigan, ishlab chiqaradigan va sotadigan ko‘p millatli texnologik kompaniya yaratishni orzu qilganman. Kompaniyam korporativ tarmoqlar, xavfsizlik, bulutli yechimlar, tarmoq infratuzilmasi va tarmoqni boshqarish uchun dasturiy ta’minot bilan shug‘ullanadi. Butun dunyo bo‘ylab tashkilotlar va insonlarga qurilmalar, ma’lumotlar va odamlarni ulash orqali tarmoqlar va kommunikatsiyalarning ishonchli hamda xavfsiz ishlashini ta’minlashda yordam bermoqchiman.

Yosh IT-mutaxassislar uchun maslahatlar
Yosh IT-mutaxassislar chet tili bilimlarini takomillashtirishi, kasbiy va muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirishi, kuchli portfolio yaratishi, ochiq kodli loyihalarda ishtirok etishi va global IT-hamjamiyat bilan faol muloqot qilishi lozim.
Hozirgi kunda xalqaro kompaniyalarda ishlash uchun chet elga ketish shart emas — buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekistondan turib amalga oshirish mumkin.
2025-11-20