Kanadaning TierOne OSS kompaniyasi O‘zbekistondagi biznes imkoniyatlariga qiziqish bildirdi

IT Park bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov Kanadaning “TierOne OSS Technologies Inc” kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Pol Vedam bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar hamkorlik istiqbollari va O‘zbekistonda ofis ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

TierOne OSS — 1999-yilda tashkil etilgan Kanada kompaniyasi bo‘lib, telekommunikatsiya operatorlari va korporativ mijozlarga dasturiy ta’minot yetkazib beradi hamda ularga qo‘llab-quvvatlashni raqobatbardosh ustunlikka aylantirishda yordam beradi. Kompaniyaning butun dunyo bo‘ylab 50 dan ortiq mijozlari, sun’iy intellekt va API integratsiyasi bilan tarmoq xizmatlarini boshqarish bo‘yicha o‘z ishlanmalari, AQSh va Hindistondagi filiallari mavjud. Kompaniyada 200 nafargacha xodim mehnat qiladi va yillik daromadi 18,9 million dollarni tashkil etadi.

IT Park vakillari texnopark faoliyati va infratuzilmasini taqdim etib, O‘zbekistonda ofis ochishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy kompaniyalar uchun amaldagi imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berdilar. Xususan, soliq va bojxona imtiyozlari, chet ellik mutaxassislar uchun viza va ishlash ruxsatnomalarini olishning soddalashtirilgan tartiblari hamda boshqa qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida so‘z yuritildi.

Mamlakat IT-ekotizimining afzalliklariga alohida e’tibor qaratildi: davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, malakali kadrlarning mavjudligi, qulay geografik joylashuv, mintaqaviy va global bozorlarga chiqish imkoniyatlari.

Muzokaralar davomida tomonlar xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekistonda IT sohasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. “TierOne OSS” vakillari mamlakatda taqdim etilgan imkoniyatlarga yuqori qiziqish bildirib, kelgusidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishib oldilar.

IT Park xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratib, xalqaro aloqalarni faol ravishda kengaytirishda davom etmoqda. “TierOne OSS” tashrifi global texnologiya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilish va mamlakatning IT-hab sifatidagi maqomini mustahkamlash yo‘lidagi yana bir qadam bo‘lib xizmat qiladi.

2025-06-27