Kelajakka sarmoya: Silkroad Angels Club, IT Park va IT Park Ventures venchur kapitali va farishta investitsiyalari bo‘yicha seminar o‘tkazdi

“U-Enter” markazida “Silkroad Angels Club” tomonidan IT Park Uzbekistan va “IT Park Ventures” bilan hamkorlikda tashkil etilgan ta’lim seminari bo‘lib o‘tdi. Tadbir yetakchi investorlar, startapchilar va tadbirkorlarni birlashtirdi, ularga venchur kapitali dinamikasi va startaplarga sarmoya kiritish strategiyalarini o‘rganish, shuningdek, Silikon vodiysining eksklyuziv bitimlariga kirish imkoniyatini taqdim etdi.

“Silkroad Innovation Hub” asoschisi va bosh direktori, innovatsiyalar va tadbirkorlik bo‘yicha investor va ekspert Asset Abdualiyev hamda “Silkroad Angels Club” boshqaruvchi hamkori, venchur investitsiyalari va biznes-konsalting bo‘yicha mutaxassis Abay Absamet treningni olib bordilar.

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulahad Kuchkarov, “IT Park Ventures” bosh direktori Azamat Karamatov va “U-Enter” direktori o‘rinbosari Ilhomjon Aliyev qutlov so‘zi bilan chiqish qilib, bunday tadbirlarning mintaqa uchun ahamiyatini ta’kidladilar.

Seminarning asosiy mavzulari

Seminar davomida spikerlar venchur va farishta investitsiyalarining asosiy tamoyillarini, jumladan, startaplarni tahlil qilish, portfelni diversifikatsiya qilish va kengaytirish strategiyalarini muhokama qildilar. Ma’ruzachilar nima uchun venchur investitsiyalari AQSh umumiy bozor kapitallashuvining 41 foizini tashkil etishi va mamlakatdagi 10 ta eng yirik ommaviy kompaniyaning 7 tasi venchur fondlaridan moliyalashtirilganini batafsil tahlil qildilar.

Muhokamaning asosiy nuqtalaridan biri venchur investitsiyalaridagi darajali qonun (Power Law) tamoyili bo‘ldi. Unga ko‘ra, investitsiyalarning atigi kichik foizi foydaning katta qismini keltiradi. Buni dastlabki bosqichlarda global texnologik gigantlarga sarmoya kiritgan “Andreessen Horowitz” va “Founders Fund” kabi yetakchi jamg‘armalar tajribasi ham tasdiqlaydi.

Ma’ruzachilar, shuningdek, Silikon vodiysi muvaffaqiyatining sirli tarkibiy qismini — “Stanford”, “UC Berkeley”, “UCLA” va boshqa ko‘plab jahon intellektual markazlarining to‘planishini ta’kidladilar. Ushbu universitetlar nafaqat tadbirkorlik tafakkurini shakllantiradi, balki startap ekotizimi uchun muhim bo‘lgan kuchli aloqalar tarmog‘ini rivojlantirishga ham hissa qo‘shadi. Buning tasdig‘i sifatida bir hafta ichida — 2024-yil 16-sentyabrdan 22-sentyabrgacha — “Berkeley” asoschilari 460 million dollarlik venchur investitsiyalarini jalb qilgani keltirildi, bu esa universitet muhitining startaplar o‘sishi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.

Eng yaxshi investitsiya bitimlariga kirish

Seminar davomida ishtirokchilar, shuningdek, investorlarning Silikon vodiysining eksklyuziv bitimlaridan qanday foydalanishlari mumkinligini muhokama qildilar. Spikerlar farishtalar klublari va SPV (Maxsus maqsadli vositalar)ning ishlash mexanizmini taqdim etdilar, bu esa xavflarni kamaytirish va istiqbolli startaplarda egalik ulushini oshirish imkonini beradi.

“Silkroad Innovation Hub” tomonidan “Sand Hill Angels” va “Stanford Angels Association” kabi yetakchi venchur klublari modeli asosida tashkil etilgan “Silkroad Angels Club” Markaziy Yevroosiyo investorlariga sindikatlar orqali AQSh bozoriga sarmoya kiritish, yirikroq va ahamiyatli bitimlar uchun kapitalni birlashtirish imkoniyatini beradi. “Silkroad Innovation Hub”ga murojaat qilib, ushbu klubning a’zosiga aylanishingiz mumkin.

IT Park Ventures va uning venchur ekotizimini rivojlantirishdagi roli

“IT Park Ventures” “Silkroad Innovation Hub” bilan hamkorlikda O‘zbekistonda biznes farishtalar maktabini ishga tushiradi. Trening natijalari va O‘zbekiston biznes farishtalari tomonidan ko‘rsatilgan qiziqish asosida AQShdagi muvaffaqiyatli dasturlar va klublarga o‘xshash to‘laqonli farishta investorlar klubi va maktabi tashkil etiladi.

Shuningdek, hamkorlik doirasida quyidagilar rejalashtirilgan:

  • O‘zbekiston delegatsiyasining (venchur fondlari, biznes farishtalari, investorlar, davlat tashkilotlari, banklar, startaplar) “TechCrunch Disrupt 2025” tadbiriga safarini uyushtirish.
  • O‘zbekistonlik startaplarni “Silkroad Innovation Hub” tomonidan o‘tkaziladigan “Central Eurasian Startup Pitch Competition”da ishtirok etishga jalb qilish. Bu Markaziy Yevroosiyo startaplari uchun Silikon vodiysida finali bo‘ladigan birinchi tanlov bo‘ladi.
  • Investorlar va davlat tuzilmalari uchun venchur moliyalashtirishni rivojlantirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan o‘quv dasturlari va tadbirlarini yo‘lga qo‘yish.

O‘qish va dasturlar hamda tadbirlarda ishtirok etish natijalariga ko‘ra, manfaatdor investorlar ham “Silkroad Angels Club” a’zosi bo‘lishlari mumkin.

Sun’iy intellekt va venchur bozorining kelajagi

Sun’iy intellektning venchur bozoriga ta’siri eng dolzarb mavzulardan biriga aylandi. Sun’iy intellekt sohasi so‘nggi yillarda 249 milliard dollar sarmoya jalb qilib, kengayib borayotgan texnologiya kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Ma’ruzachilar sun’iy intellekt an’anaviy sohalarni, jumladan, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, tibbiyot va moliyaviy texnologiyalarni qanday o‘zgartirayotgani, shuningdek, nima uchun aynan hozir ushbu bozorga kirish uchun eng qulay vaqt ekanligini muhokama qildilar.

Silkroad Innovation Hub haqida

“Silkroad Innovation Hub” — AQShning Palo-Alto shahrida, Silikon vodiysining markazida joylashgan hamjamiyat markazi hisoblanadi. U IT Park Uzbekistan’ning asosiy hamkorlaridan biri bo‘lib, startap va venchur ekotizimini rivojlantirish hamda texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.

2025-yilda “Silkroad Innovation Hub”, IT Park Uzbekistan va “IT Park Ventures” bilan hamkorlikda Markaziy Yevroosiyodagi startaplar va IT-biznesni rivojlantirish, shuningdek, ularning AQSh bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi dasturlar ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu tashabbuslar o‘zbek tadbirkorlari uchun global bozorda yangi imkoniyatlar ochadi, shuningdek, mintaqaning venchur ekotizimini rivojlantirishni rag‘batlantiradi.

Ushbu seminar mintaqaning investitsiya hamjamiyatini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi, ammo bu keng ko‘lamli o‘zgarishlarning boshlanishi, xolos. IT Park Uzbekistan, “Silkroad Innovation Hub” va “IT Park Ventures” bilan hamkorlikda investorlar va tadbirkorlarga zamonaviy investitsiya vositalari, global tarmoqlar va o‘sish uchun strategik imkoniyatlardan foydalanishga yordam beradigan bir qator tashabbuslar rejalashtirilgan.

2025-02-17