Yaqinda Seul shahrida Oʻzbekistondagi IT va BPO sohalarining salohiyatini yoritib bergan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri boʻlib oʻtdi. Konferensiya 100 nafarga yaqin ishtirokchilarni jalb qilib, Oʻzbekistonga yetakchi autsorsing yoʻnalishi sifatidagi xalqaro qiziqish ortib borayotganini taʼkidladi.
Tadbir IT Park Uzbekistan direktori oʻrinbosari Fayzulla Aripjanov, “Gyeongbuk Technopark” katta ilmiy xodimi Park-Ki Bak va Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi birinchi kotibi Doniyor Ahmadjonov kabi muhim shaxslarning qutlov soʻzlari bilan boshlandi. Ular oʻz nutqlarida Oʻzbekistonning strategik afzalliklari va xalqaro biznes hamkorlikni rivojlantirishga intilishini alohida taʼkidlashdi.
Konferensiyada biznesni roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni, IT Park rezidentlari uchun soliq imtiyozlari hamda koreys tilini biladigan Oʻzbekistonlik IT-mutaxassislarining salohiyatidan Koreya bozorida foydalanish strategiyalari kabi muhim mavzularda bir qator taqdimotlar oʻtkazildi. Inson kapitali, xususan, tajribali mutaxassislar soni hamda yosh iqtidor egalarining malakasini oshirish va kelgusida ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar startap loyihalari doirasida yirik oʻyinchilar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari va kelgusida ishga joylashtirish uchun kadrlar zaxirasi mavjudligiga qiziqish bildirishdi.
Oʻzbekistonning amaldagi soliq imtiyozlari va investorlar, kompaniya taʼsischilari va IT-mutaxassislar uchun Oʻzbekistonda ishlash jarayonini soddalashtiruvchi uch yilgacha amal qiladigan koʻp martalik IT-viza taklif qiladigan imkoniyatlar taqdimoti konferensiyaning muhim nuqtalaridan biriga aylandi. Koreyaning “LG CNS” va “MK Soft/Softhub Global” kabi kompaniyalari oʻzlarining Oʻzbekistondagi muvaffaqiyatli ish tajribasini qatnashchilar bilan oʻrtoqlashib, nima uchun Oʻzbekistonni IT-xab sifatida tanlaganliklarini tushuntirib berdilar.
“Zero Risk” dasturi ham yana bir asosiy nuqtaga aylandi. Dastur 12 oy davomida bepul ofis maydoni hamda xodimlarning ish haqi va malakasini oshirish xarajatlarini qoplab berish imkoniyatini taklif qiladi, bu esa Markaziy Osiyoda oʻzini namoyon qilmoqchi boʻlgan kompaniyalar uchun jozibador taklif hisoblanadi. Bundan tashqari, 3-6 hafta ichida yakunlanishi mumkin boʻlgan Oʻzbekistonda biznesni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonining qulayligi taqdim etildi, bu esa mamlakatda soddalashtirilgan tartib va yangi kompaniyalar uchun davlat tomonidan yaratilgan qulay shart-sharoitlar mavjudligini koʻrsatadi.
Ishtirokchilar Oʻzbekistonda kompaniya ochish tartib-taomillari, mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat, jumladan, ishlash uchun ruxsatnoma olish va IT Park tomonidan beriladigan imtiyozlar haqida maʼlumot olishdi. Koreya kompaniyalarining qiziqishi ortib borayotgani sababli Koreyalik rezident kompaniyalar soni va Oʻzbekistondagi IT-mutaxassislarining salohiyati toʻgʻrisida savollar berildi.
Asosiy natija sifatida Koreya kompaniyalari, jumladan “Lotte Innovation”, “Eurasia va NewConTek Inc” tomonidan Oʻzbekistonga autsorsing qilish imkoniyatlariga qiziqish bildirildi. Bundan tashqari, “BizData” va “Croxhi” kompaniyalari IT Park Uzbekistan rezidenti boʻlish rejalarini eʼlon qilishdi.
Yana bir kompaniya “Prompt Town” iyun oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurib, mahalliy kompaniya ochish yoki oʻz faoliyatini autsorsing qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishni rejalashtirmoqda. Xuddi shunday, “Namutech”, “i2max” va “Human & Forest Co. Ltd” kompaniyalari iyun oyida Toshkentga tashrif buyurishni rejalashtirishgan, bu esa Oʻzbekistondagi biznes imkoniyatlarini oʻrganishga boʻlgan ulkan qiziqishdan dalolat beradi. “Human & Forest Co. Ltd” kompaniyasi yurtimizga iyul oyida tashrif buyurishni rejalashtirmoqda va “Global Business Services Forum” tadbirida ishtirok etadi.
Konferensiyada shuningdek, startap almashinuv dasturlariga qiziqish bildirgan Toʻrtinchi sanoat inqilobi sunʼiy intellekt tadqiqot instituti va iyun oyida beshta kompaniya bilan tashrif buyurishni rejalashtirayotgan “Soon Chun Hyang” universiteti kabi tashkilotlar ishtirok etishdi. “NIPA” kompaniyasi qoʻshma loyihani amalga oshirish uchun sentyabr oyida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolashni rejalashtirmoqda.
Seulda boʻlib oʻtgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbiri xalqaro kompaniyalarning Oʻzbekistonga sarmoya kiritishi uchun asosli sabablarni muvaffaqiyatli namoyish etib, mamlakatning Markaziy Osiyodagi rivojlanayotgan IT-xab sifatidagi mavqeyini mustahkamladi. Tadbir Oʻzbekiston va xalqaro kompaniyalar oʻrtasida muhim aloqalarni oʻrnatishga koʻmaklashdi va kelgusi hamkorlik uchun zamin yaratdi.
2024-05-25