Koreya Respublikasiga biznes tashrifi doirasida IT Park bosh direktori Farhod Ibragimov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi “Megazone Cloud” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazdi. “Megazone Cloud” tomonidan yigʻilishda kompaniya asoschisi Li Jou Van ishtirok etdi.
“Megazone Cloud” — bulutli va virtualizatsiya dasturiy xizmatlariga asoslangan infratuzilma dasturiy taʼminotini yaratish va qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanuvchi Koreya kompaniyasi. Bundan tashqari, “Megazone Cloud” kompaniyasi “AWS Cloud” tomonidan boshqariladigan xizmatlarga (MSP) ixtisoslashgan va 2012-yilda birinchi rasmiy “AWS” hamkoriga aylangandan buyon Koreyadagi bulutli texnologiyalar bozorida yetakchi oʻrinlarni egallab keladi. Kompaniyaning 2023-yildagi daromadi 1,3 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi va 2800 nafar xodimga ega. Kompaniyaning 8 ta mamlakatlarda: AQSh, Kanada, Yaponiya, Vyetnam, Singapur va boshqalarda 30 dan ortiq shoʻba korxonalari va vakolatxonalari mavjud.
“Megazone Cloud” kompaniyasi Oʻzbekiston bozori bilan yaqindan tanish – avvalroq Koreya kompaniyasi rahbariyati IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan edi. Uchrashuv yakuni boʻyicha “Megazone Cloud” kompaniyasi Koreyadagi “Megazone Cloud” mijozlari uchun Oʻzbekistondan turib IT-xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha yosh mutaxassislarni tayyorlashga alohida qiziqish bildirdi.
Bundan tashqari, Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida Koreya kompaniyasi vakillari IT Park Uzbekistan rezident kompaniyalarining infratuzilmasi va texnologik rivojlanish darajasini oʻrganishdi.
“Megazone Cloud” kompaniyasi mintaqada ofis tashkil etish masalasini koʻrib chiqmoqda va ayni paytda kompaniyalar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va soliq imtiyozlari, shuningdek, IT texnologiyalar sohasidagi koʻplab malakali yoshlar tufayli Oʻzbekistonga ustuvor ahamiyat bermoqda. Soʻngi omil ayniqsa muhim – kompaniya vakillari oʻzbekistonlik cloud-muhandislarni xalqaro standartlar boʻyicha tayyorlash niyatini bildirdilar. Qitʼadagi boshqa mamlakatlar bilan qulay vaqt farqi va xorijiy tillarni bilish darajasi tufayli Oʻzbekistonlik tayyorlangan mutaxassislar kelajakda “Megazone Cloud” kompaniyasi loyihalarini amalga oshirishlari mumkin boʻladi.
“Megazone Cloud” kompaniyasi ofisining ochilishi Oʻzbekistonning autsorsing sohasidagi mavqeyini mustahkamlaydi hamda Oʻzbekiston bozorida xalqaro kompaniyalar sonining oʻsishini ragʻbatlantiradi. Bundan tashqari, yangi autsorsing ofislari ochilganda yaratiladigan ish oʻrinlari sonini koʻpaytirishga yordam beradi.
2024-06-27