IT Park Uzbekistan Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda, mahalliy IT-kompaniyalar uchun “Local2Global” dasturi doirasida ikki kunlik oʻquv seminarini muvaffaqiyatli oʻtkazdi. 7-8-avgust kunlari boʻlib oʻtgan ushbu tadbir Koreyada oʻz IT-biznesini kengaytirish va koreyalik hamkorlar bilan mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishga intilayotgan IT Park Uzbekistan rezidentlarini birlashtirdi.
Seminar “IT Park Uzbekistanʼning barqaror oʻsishi uchun poydevor yaratish va salohiyatni mustahkamlash” dasturining bir qismi boʻlib, IT Park rezidentlariga yetakchi IT-sohalar rahbarlari bilan hamkorlik qilish va xorijiy hamkorlar bilan ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatishga yordam beradigan tadbirlarda ishtirok etish orqali bizneslarini rivojlantirish imkoniyatlarini taqdim etishga qaratilgan.
Seminar doirasida koreyalik maʼruzachilarning mazmunli taqdimotlari boʻlib oʻtdi, ular ishtirokchilarga sheriklik aloqalarini oʻrnatish va Koreyadan autsorsing loyihalarini amalga oshirish boʻyicha amaliy koʻrsatmalar berishdi. Bundan tashqari, ishtirokchilarga Koreya kompaniyalari bilan ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish va potensial hamkorlikni muhokama qilish imkonini beruvchi netvorking-sessiyalar tashkil etildi.
Seminarda Koreyalik ekspertlar soʻzga chiqib, Koreya IT-bozorining asosiy jihatlari haqidagi bilimlari bilan oʻrtoqlashdilar. “KCIF”, “KIICI”, “Expert Society Co., Ltd.” raisi Ok-Re Chon Koreya IT-kompaniyalari bilan hamkorlikning nozik jihatlari va Koreya IT-alyansi akademiyasiga (AKITA) qoʻshilishning strategik afzalliklari haqida soʻzlab berdi. Toʻrtinchi sanoat inqilobi uchun sunʼiy intellekt ilmiy-tadqiqot instituti bosh direktori Yon-Ho Pak IT Park Uzbekistan resident kompaniyalari uchun operatsion strategiyalarni yaratish va investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha qimmatli bilimlarni taqdim etdi.
Seminar yakunlari boʻyicha IT Park Uzbekistan rezidentlari Koreya IT-bozori toʻgʻrisida atroflicha tushunchaga ega boʻlishdi va Koreya bozoridagi autsorsing salohiyatini oʻrganishdi. Dastur mahalliy korxonalarga Koreya bozorida oʻz faoliyatini kengaytirish va strategik hamkorlik aloqalarini oʻrnatish imkonini berib, oʻsish katalizatori boʻlib xizmat qildi.
Taʼlim sessiyasi yakunida koreyalik ekspertlar IT Park resident kompaniyalarini “ICT Week 2024” tadbiri doirasida boʻlib oʻtadigan “Uzbek-Korean Business Forum”ga va B2B-uchrashuvlarida ishtirok etishga taklif qilishdi.
Oʻzbekistonning IT va autsorsing bozoriga, ayniqsa Koreya va boshqa mamlakatlar tomonidan qiziqish tobora ortib bormoqda. Ushbu seminarda olingan bilim va aloqalar oʻzbek IT-kompaniyalariga jahon bozoriga samarali kirib borish, oʻsish uchun yangi imkoniyatlarni yaratish va oʻz faoliyatini kengaytirish imkonini beradi. Koreyalik hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash Oʻzbekiston IT sohasini yanada rivojlanishiga hissa qoʻshadigan mustahkam va samarali hamkorlik uchun zamin yaratadi.
2024-08-10