Londonda Oʻzbekistonning IT-autsorsing salohiyati taqdim etiladi

29-noyabr kuni Buyuk Britaniyaning London shahrida “Uzbekistan —The New Outsourcing Hub” konferensiyasi boʻlib oʻtadi.

Konferensiyadan koʻzlangan maqsad Oʻzbekiston autsorsing bozorining salohiyatini namoyish etish hamda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya IT-sanoati oʻrtasida samarali hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

Tadbirda Buyuk Britaniya IT va BPO kompaniyalarining 20 ga yaqin rahbarlari, shuningdek, autsorsing sohasidagi yetakchi mutaxassislar va ishqibozlar ishtirok etishadi.

Konferensiyani Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi vakili kirish nutqi bilan ochib beradi. Undan keyin, Buyuk Britaniya IT-sanoati va IT Park Uzbekistan oʻrtasidagi hamkorlikning afzalliklariga bagʻishlangan panel muhokamasi boʻlib oʻtadi. Unda “Global Tech Advocatus”, “Global Sourcing Association”, “Stephen Salewon” kompaniyalari vakillari va IT Park rezidenti boʻlgan “Realsoft” kompaniyasi direktori Abdukarim Qodirov ishtirok etadi.

Muhokama “Emerging Europe” jurnalining hamkor asoschisi va “Global Tech Advocates” global tarmogʻi tarkibiga kiruvchi “Tech Emerging Europe Advocates” hamjamiyatining rahbari Endryu Vrobel tomonidan boshqariladi.

Dasturning yakuniy qismida IT Park taqdimotlari oʻtkazilib, unda yangi “All-in-one” dasturi va eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalar uchun “Zero Risk” va “Local2Global” dasturlari namoyish etiladi. Shuningdek, kelgusi yilda boʻlib oʻtadigan “Offshore Outsourcing Tour” tadbiri ham eʼlon qilinadi.

Rasmiy qismdan soʻng Buyuk Britaniya va Oʻzbekiston texnologiya sohalari vakillari oʻzaro manfaatli hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishlari mumkin boʻlgan netvorking sessiyasi boʻlib oʻtadi.

Konferensiya elchixona binosidagi kechki ovqat bilan yakunlanadi, unda mehmonlar oʻzbek taomlari va musiqalaridan bahramand boʻlishlari mumkin.

Roʻyxatdan oʻtish 27-noyabrgacha quyidagi havola orqali mavjud: https://forms.office.com/r/d2wWkZfams

Sana: 29 noyabr

Vaqt: 17:30 – 19:30

Tadbir oʻtkaziladigan joy: Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasi

Eslatib oʻtamiz, “Uzbekistan — The new outsourcing destination” konferensiyasi allaqachon OstinSingapurTurkiya va Koreya davlatlarida boʻlib oʻtgan edi. Niderlandiya va Irlandiyada ham tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

2023-11-09