IT Park Uzbekistan vakillari, xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligida, Janubiy Koreyaning “LOTTE INNOVATE” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar IT-autsorsing, startap ekotizimi, IT-ta’lim va raqamli infratuzilma sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
LOTTE INNOVATE — Janubiy Koreyaning “LOTTE Group” konglomerati tarkibidagi raqamli transformatsiya va IT-xizmatlar bo‘linmasi hisoblanadi. Kompaniyada taxminan 2800 nafar xodim faoliyat yuritadi, yillik daromadi esa 840 million dollardan ko‘proqni tashkil etadi. Bosh qarorgohi Seulda joylashgan, Vetnam, AQSh va Indoneziyada xorijiy vakolatxonalari mavjud, shuningdek, Mo‘g‘uliston va Myanma bilan ham hamkorlik o‘rnatilgan.
Uchrashuv davomida tomonlar “LOTTE INNOVATE” kompaniyasi IT Park’ning uchta rezidenti bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan pilot loyihalar natijalarini muhokama qildilar. Koreya kompaniyasi vakillari hamkorlik salohiyatini yuqori baholab, mintaqadagi faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar. Bundan tashqari, qo‘shma ta’lim dasturlari va investitsiya tashabbuslarida ishtirok etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, startap ekotizimini rivojlantirish va O‘zbekiston kompaniyalarining xalqaro IT-loyihalarda ishtirok etish masalalarini muhokama qildilar. O‘zaro anglashuv memorandumini imzolash va IT Park delegatsiyasining Seuldagi “LOTTE INNOVATE” shtab-kvartirasiga tashrif buyurish rejalari ham o‘rganildi.
Ushbu hamkorlik O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi global IT-hab sifatidagi mavqeini mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va IT Park rezidentlari uchun innovatsiyalar va IT-xizmatlar eksporti sohasida yangi imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.
2025-09-19