Malayziyada o‘tkazilgan Uzbekistan Outsourcing Conference O‘zbekiston IT sohasiga qiziqish ortib borayotganini ta’kidlaydi

Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan Uzbekistan Outsourcing Conference (UOC) IT-xizmatlari, kiberxavfsizlik va raqamli ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi 70 dan ortiq kompaniyaning 100 nafardan ziyod vakili va ishtirokchilarni bir joyga to‘pladi. Tadbir O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan “Malaysia Digital Economy Corporation” (MDEC) hamda “Get Academy” kompaniyasi ko‘magida tashkil etildi.

“MDEC” vitse-prezidenti Van Murdani qutlov nutqida raqamli transformatsiya va O‘zbekistonning IT sohasidagi yutuqlari muhimligini ta’kidlab o‘tdi. U barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirib, kelgusi faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

Anjumanda O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun o‘ziga xos imtiyozlar va qulay sharoitlarga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar O‘zbekistonning autsorsing markazi sifatidagi jozibadorligini oshirishga qaratilgan davlat tashabbuslari, jumladan, soliq imtiyozlari va biznesni ro‘yxatdan o‘tkazishning soddalashtirilgan tartiblari bilan tanishdilar. Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlashga intilayotgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.

“Upstream BPO” bosh direktori Ahmad Qayum O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi ijobiy ish tajribasi haqida so‘zlab, qulay ishbilarmonlik muhiti va mahalliy hokimiyatning har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi kompaniyaning muvaffaqiyatli rivojlanishiga hissa qo‘shayotganini ta’kidladi. Uning nutqi O‘zbekistonning biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga bo‘lgan intilishini yaqqol namoyish etdi.

Yaqinda O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlagan “GET Academy” bosh direktori Ganesh Kumar mamlakatda mavjud imkoniyatlar va raqamli ta’lim hamda IT-tashabbuslarga ko‘rsatilayotgan yordam haqida ma’lumot berdi. U O‘zbekiston infratuzilmasining yuqori darajadagi tayyorgarligi va hukumatning texnologik kompaniyalar uchun qulay muhit yaratish borasidagi sa’y-harakatlarini alohida ta’kidladi.

Tadbir davomida Malayziyalik ishtirokchilar O‘zbekiston haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashish va IT Park’ning xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi roli haqida ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Konferensiya faol munozaralar va potensial hamkorlikka yo‘l ochib beruvchi netvorking imkoniyatlarini o‘z ichiga oldi.

Ushbu konferensiya O‘zbekistonni autsorsing uchun strategik yo‘nalish sifatida ilgari surish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. IT Park Uzbekistan mamlakat IT sektorining salohiyatini namoyish etish va xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishiga va jahon IT-sahnasida hamda autsorsing sohasida o‘z o‘rnini mustahkamlashiga hissa qo‘shishda davom etmoqda.

2024-11-05