2-avgust kuni O‘zbekiston Markaziy banki IT Park bilan hamkorlikda raqamli moliyaviy savodxonlik bo‘yicha onlayn-trening o‘tkazdi. Tadbir mamlakatimiz aholisiga moliyaviy savodxonlik asoslarini samarali o‘rgatadigan va O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etildi.
Treningda 60 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, respublika bo‘yicha hududiy IT-Markazlari o‘qituvchilari va xodimlari ishtirok etdi. Ishtirokchilarga raqamli bankning asosiy tushunchalari, moliyaviy xavfsizlik qoidalari, mas’uliyatli qarz olish, foizlarni hisoblash va ijobiy kredit tarixini shakllantirish bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Bundan tashqari, amaliy mashg'ulotlar ishlab chiqildi, unda ishtirokchilar uchta raqamli ta'lim resurslari bilan tanishdilar:
· Finlit.uz saytining depozit va kredit onlayn hisoblagichlari;
· tijorat banklarining jismoniy shaxslar uchun moliyaviy xizmatlarining bankxizmatlari.uz axborot portali;
· Oilakredit.uz oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari uchun yagona elektron platforma.
Eslatib o‘tamiz, tadbir Markaziy bank va IT Park o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik memorandumi doirasida tashkil etilgan. Loyihani amalga oshirish doirasida 2023-yil avgust oyidan boshlab respublika bo‘yicha barcha IT-Markazlarida “Kompyuter savodxonligi” kursiga “Raqamli moliyaviy savodxonlik” modulini kiritish ko‘zda tutilgan.
2023-08-04