Megazone Cloud kompaniyasi O‘zbekistonda ofis ochishni rejalashtirmoqda

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Megazone Cloud kompaniyasining birinchi vitse-prezidenti Bumjin Kim bilan muzokaralar olib bordi va hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Bumjin Kim “ICT Week-2023”ga tashrifi chog‘ida O‘zbekistonda IT-kompaniyalar faoliyatini soddalashtirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va amaliy qo‘llab-quvvatlash dasturlaridan katta taassurot qoldirganini ta’kidladi. U O‘zbekistonning IT-sektori imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida tez orada mamlakatimizga tashrif buyurishni va Megazone Cloud uchun dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bo‘yicha autsorsing ofisini ochishni rejalashtirmoqda.

Bundan tashqari, bugungi kunda Koreya Respublikasida yosh mutaxassislar bozori bilan bog‘liq qiyinchiliklarni hisobga olib, Megazone Cloud vakillari O‘zbekistonning kadrlar salohiyatiga qiziqish bildirdilar. Jumladan, bitiruvchilarni o‘z ofislarida ish bilan ta’minlaydigan mutaxassislar tayyorlash uchun mamlakatimizda IT-talant markazini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekiston yoshlarining koreys tilini bilish darajasiga alohida e’tibor qaratildi – so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 14 mingdan ortiq kishi koreys tilida bemalol so‘zlasha oladi. 

Bumjin Kim O‘zbekistonda bulutli texnologiyalar va ma’lumotlar markazlarini rivojlantirish rejalari bilan ham o‘rtoqlashdi. Megazone Cloud mutaxassislari mamlakatimizda bulutli texnologiyalar yo‘nalishini rivojlantirish, shuningdek, bozorimizga ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadida o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashishga tayyor ekanini bildirdi. 

Uchrashuv yakunida Sherzod Shermatov Bumjin Kim va uning hamkasblarini joriy yilning iyul oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan biznes xizmatlari bo‘yicha Global forumda ishtirok etishga taklif qildi.

2024-04-25