Murodillo Ismatov: Yevropa kompaniyalarida ishlayotgan andijonlik frilanser dasturchi hikoyasi

IT Park yosh dasturchilar haqidagi qiziqarli hikoyalar ruknini davom ettirmoqda.  Bugungi mehmonimiz andijonlik Murodillo Ismatov. Murodillo Toshkent shahridagi Inha universitetini tamomlagan. 

Hikoya qilib berishicha dasturchilikka  bolalikdan, kompyuter o’yinlariga bo’lgan qiziqishi orqali  kirib kelgan. Mutaxassisligi bo’yicha mobil dasturchi.

“Dasturchiga aylanish uchun universitetda olingan bilimlarning o’zi yetarli bo’lgan. Bilmaganlarimni internet va ochiq ma’lumotlar bazasidan o’rganganman. Dastlabki ish amaliyotim 2018-yilda “Uztelecom”dan boshlangan. Besh yilga yaqin tajribam davomida 20 dan ortiq katta loyihalarda va 100 dan ortiq kichik loyihalarda ishtirok etdim. Ularning ko’p qismi Yevropa davlatlari va Ukrainadan” -  deydi qahramonimiz. 

Murodilloning aytishicha, hozirda jamoa O’zbekistondagi loyihalar bo’yicha ham buyurtmalar qilmoqda. Shu kunlarda mamlakatda faoliyat yuritayotgan tijorat banklardan birining mobil ilovasi ustida ishlayotganini ham aytib o’tdi. 

Qahramonimiz loyihalar haqida gapirar ekan, ulardan kelayotgan daromadning bir qismini ochiqladi.

“Dastlab iTechArt group’da iOS muhandis, Integer Academy va Digital City’da  Android va iOS  bo‘yicha mentor bo'lib ishlaganman. Hozirda bir qator kompaniyada frilans dasturchi sifatida ishlab kelmoqdaman. Ulardan biri Ukrainaning Eastern Peak kompaniyasidir. Aynan ushbu kompaniyadan software engineer sifatida oladigan oylik daromadim $3700 ni tashkil etadi.”,  - deydi u.

Uning aytishicha, yoshlikdan xorijiy tillarni o’rganish kelgusida ko’plab imkoniyat eshiklarini ochib beradi. Albatta dasturchilikda ingliz tili hamda jamoaviy  ishlay olish muhim ahamiyatga ega.

Qahramonimiz kelgusida “Amazon”, “Apple”, “Microsoft” kabi kompaniyalarda  ishlab tajriba orttirishni va dasturlash sohasidagi bilimlarini yanada mustahkamlash niyatida ekanligini aytdi. 

Murodillo oʻzining misolida ishtiyoqi boʻlgan har qanday inson IT mutaxassisi boʻlishi mumkinligini koʻrsatib bermoqda. Asosiysi — intilish, mehnat qilish va oʻrganishga boʻlgan qiziqishdir. Balki ruknimizning keyingi qahramoni siz boʻlarsiz?

Agar siz ham muvaffaqiyatli IT mutaxassisi boʻlishni istasangiz, hududingizdagi IT markazlarida sifatli taʼlim oling: https://www.education.it-park.uz

2023-09-07