Namangan viloyatiga tashrifi davomida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Namangan viloyatida startap loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Viloyatda “startupbase”, “startup garaje” va boshqa platformalardan 2025-yilda jami 39 ta loyihalar ro‘yxatdan o‘tib, shundan 4 ta loyihaga umumiy qiymati 378 ming AQSh dollar investisiyalar ajratildi.
Uchrashuv davomida quyidagi startaplar taqdimotlari o‘tkazildi:
– ClixBio — link-agregator xizmatini taklif etuvchi onlayn servis; onlayn resurslarni va biologik/ilmiy manbalarni bir joyda yig‘ish va ularga qulay kirish imkonini beradi.
– IjaraSoft — tadbirkorlarga o‘z tadbirlarini e’lon qilish, ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tadbir tashkil qilish uchun zarur xizmatlarni topishga yordam beruvchi onlayn platforma.
– DentaGo — stomatologik xizmatlarni raqamlashtirishga qaratilgan platforma; klinika ish jarayonlarini optimallashtirish va bemorlarni boshqarishni soddalashtirishga xizmat qiladi.
– Historia AI — klinikalarda hujjatlarni ovoz orqali tez va avtomatik to‘ldirib berishga mo‘ljallangan xizmat; shifokorlarning ma’muriy yukini kamaytirish va dokumentatsiyani tezlashtirishga yo‘naltirilgan.
– Melarium — ari uyalarini sotib olish yoki ijaraga olish, sensorlardan foydalanib real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini beruvchi platforma; asalarichilikka zamonaviy texnologiyalarni joriy etadi.
Vazir Sherzod Shermatov taqdimot ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqilgan mahsulot va xizmatlarning amaliy ahamiyatini yuqori baholab, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularning investitsiya jalb etish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini ta’kidlab, startap loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Uchrashuv yakunida viloyatdagi ekotizimni mustahkamlash, startaplarni tezkor moliyalashtirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va yosh tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
2025-09-19