Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Namangan viloyatiga tashrifi doirasida IT Park rezidenti bo‘lgan “Algoritm” ta’lim markaziga tashrif buyurib, ta’lim jarayonlari bilan tanishdi.
Ta’lim markazida 23 nafar mentorlar tomonidan bir yilda 1200 nafardan ortiq yoshlarga zamonaviy kasblarning veb dasturlash, grafik dizayn, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berib kelmoqda.
Bitiruvchilarning 300 nafardan ortig‘i bugungi kunda ish bilan ta’minlangan. Ta’lim jarayonida interaktiv kurslar, master-klasslar, mentorlik dasturlari va xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan innovatsion yondashuvlardan foydalaniladi. Bu esa yoshlarning nafaqat ichki, balki xalqaro mehnat bozorida ham raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishishiga xizmat qiladi.
Tashrif davomida vazir yoshlar bilan samimiy suhbatlashib, ularning qiziqishlari va kelajakdagi rejalari bilan fikr almashdi. Ayniqsa, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik yo‘nalishlari bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo bozorida dolzarb va strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, bunday ta’lim markazlarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni kasbiy jihatdan tayyorlash va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
2025-09-19