Natijalar: IT Park Uzbekistan LEAP 2025ʼda

Ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 2024-yil dekabr oyida Saudiya Arabistonida IT Park Uzbekistan vakolatxonasi ochildi. Ushbu qadam investitsiyalarni jalb qilish, startaplarni qoʻllab-quvvatlash va oʻzbek kompaniyalarining MENA bozoriga kirishiga koʻmaklashish uchun muhim bosqich boʻldi. Vakolatxonaning ochilishi, shuningdek, IT Park Uzbekistanʼning Ar-Riyodda (Saudiya Arabistoni) boʻlib oʻtgan “LEAP 2025” xalqaro texnologiya koʻrgazmasida muvaffaqiyatli ishtirok etishiga yordam berdi.

2025-yil fevral oyida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi 10 nafar rezident bilan birgalikda Ar-Riyodda boʻlib oʻtgan dunyodagi eng yirik texnologik tadbirlardan biri — “LEAP 2025”da ishtirok etdi. “LEAP 2025” Oʻzbekiston uchun oʻzining IT-salohiyatini namoyish etish, autsorsing istiqbollarini oʻrganish, investitsiya imkoniyatlarini taqdim etish, shuningdek, xorijiy korporatsiyalar, investorlar va davlat tuzilmalari bilan aloqalar oʻrnatish uchun ajoyib imkoniyat boʻldi.

Biznesni kengaytirish va hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilish

IT Park “Upsource by STC”, “Aramco Digital”, “Aramco Academy” va “Odoo” kabi yirik global kompaniyalar bilan aloqa oʻrnatdi. Ushbu kompaniyalar Oʻzbekistonda oʻz filiallarini ochish va Markaziy Osiyodagi ishtirokini kengaytirishga qiziqish bildirdi. Koʻp tilli oʻzbekistonlik IT-mutaxassislarini yollash imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

GCC mintaqasida Local2Global dasturini kengaytirish

Saudiya Arabistoniga tashrif va “LEAP 2025” koʻrgazmasida ishtirok etish doirasida IT Park GCC mintaqasida “Local2Global” dasturini kengaytirishni muhokama qildi. Ushbu hamkorlik Saudiya Arabistonidagi vakolatxona orqali mahalliy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Dastur Oʻzbekiston IT-kompaniyalariga xalqaro bozorlar va tarmoqlarga kirishni taʼminlash orqali ularning global miqyosda kengayishiga koʻmaklashishga qaratilgan.

Ikki tomonlama texnologik hamkorlikni mustahkamlash

IT Park Saudiya Arabistonidagi yetakchi IT-yechimlar provayderlaridan biri — “Elm” bilan hamkorlikni rivojlantirishda davom etmoqda. Kompaniya IT Park rezidentlari bilan hamkorlik qilish va Markaziy Osiyodagi ishtirokini kengaytirishga qiziqish bildirdi. Yaqin kunlarda “Elm” vakillari Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Saudiya Arabistoniga tashrif doirasida IT Park, shuningdek, yetakchi IT-kompaniyalar va xalqaro texnologik korporatsiyalar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, muhandislik va IT-xizmatlar, telekommunikatsiya yechimlari, mijozlar tajribasi texnologiyalari va innovatsion IT-yechimlar kabi sohalarda hamkorlik imkoniyatlarini oʻrgandi. Uchrashuvlar ishtirokchilari orasida “SRACO ICT”, “ACES”, “Nita” (Aramco Academy), “AlasilaCX”, “Hawsabah”, “SecureWay”, “Liferay”, “Comarch” va “Obeikan Digital” kompaniyalari bor edi.

Venchur investitsiyalari va startap ekotizimini rivojlantirish

Saudiya Arabistoni venchur fondlari, jumladan “Hala Ventures” va “Enhance Ventures” startaplar almashinuvi dasturi doirasida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, Alper Chelen boshchiligidagi “Enhance Studio” bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda startaplar va texnologiyalar sohasidagi innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan startap studiyasini yaratish gʻoyasi muhokama qilindi.

GCC mintaqasida TumarisTech loyihasini kengaytirish

IT Park, shuningdek, texnologiya sohasidagi tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “TumarisTech” akseleratorini Fors koʻrfazi mamlakatlariga kengaytirishni ham koʻrib chiqmoqda. “Saudi Women Leaders Network” bilan ushbu hamkorlik mintaqadagi ayollarga murabbiylik va xalqaro investitsiya tarmoqlaridan foydalanish imkoniyatini beradi.

2025-02-18