Nexia International global tarmog‘i IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda biznesni kengaytirishni ko‘rib chiqmoqda

Xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktor Mahliyo Muksinova boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari Markaziy Osiyoga ilk bor tashrif buyurgan “Nexia International” bosh direktori Metyu Xauell bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Uchrashuvda “Nexia Uzbekistan” boshqaruvchi hamkori Azizbek Ahmedov ham ishtirok etdi. Tomonlar hamkorlik yo‘nalishlarini, jumladan, kompaniyaning IT Park ekotizimidagi ishtiroki va konsalting hamda IT-biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.

Nexia International — 1991-yilda tashkil etilgan mustaqil auditorlik va konsalting kompaniyalarining global tarmog‘i. Bosh qarorgohi Londonda joylashgan. Tarmoq 120 ta mamlakatda 20 000 dan ortiq mutaxassislarni birlashtiradi va eng yirik xalqaro birlashmalar o‘ntaligiga kiradi. Tarmoq a’zolari mahalliy ekspertiza va global qamrovni uyg‘unlashtirib, audit, buxgalteriya hisobi, soliqqa tortish, biznes-konsalting va yuridik yordam xizmatlarini ko‘rsatadilar.

Uchrashuv davomida tomonlar IT-kompaniyalarga konsalting yordami ko‘rsatish, xalqaro soliq rejalashtirish masalalari va “Nexia International” kompaniyasining xorijiy mijozlariga xizmat ko‘rsatishda mahalliy ofis salohiyatini muhokama qildilar. Shuningdek, park ekotizimi doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, ekspert sessiyalari o‘tkazish va xorijiy bozorlarga chiqayotgan kompaniyalarga amaliy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

9-oktyabr kuni Toshkentda “Nexia Caucasus & Central Asian Firms Conference” konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda IT Park Uzbekistan ekotizim va asosiy tashabbuslar haqida taqdimot qildi. Panel muhokamasida Metyu Хауell (Nexia International bosh direktori), Elyor Maksudov (IT Park Uzbekistan startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori) va Alijon Ravshanov (Sturgeon Capital hamkori) ishtirok etdilar. Muhokama uchta mavzuga qaratildi: O‘zbekistondagi imkoniyatlar, xorijiy investorlar uchun qiyinchiliklar va mintaqaning kelgusi istiqbollari.

IT Park Uzbekistan startap va investitsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha direktori Elyor Maksudov startaplarni qo‘llab-quvvatlash va IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish vositalarini taqdim etdi, rezidentlar uchun soliq imtiyozlari, akseleratsiya va investitsiyalarni jalb qilish dasturlari, shuningdek, xalqaro hamkorlar uchun IT Park platformasi orqali pilot loyihalarni ishga tushirish va tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.

“Nexia International” bilan aloqalarni mustahkamlash IT Park Uzbekistan uchun audit, soliq va konsalting sohalarida global tajribaga ega bo‘lish imkonini beradi, autsorsing xizmatlari eksportini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi va rezidentlarga xalqaro bozorlarga tezroq va xavfsizroq chiqishga yordam beradi. Bu, shuningdek, O‘zbekistonning xorijiy investorlar uchun jozibadorligini oshiradi va IT Park’ning mintaqaviy innovatsiyalar va texnologik biznes markazi sifatidagi rolini mustahkamlaydi.

2025-10-15