“Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan startap-loyihalar tanlovi gʻoliblari eʼlon qilindi

IT-Park “Oʻzavtosanoat” AJ bilan birgalikda, UzAuto Market innovatsion platformasidagi startap-loyihalar tanlovining natijalarini sarhisob qildi. Tanlovga Oʻzbekistonning barcha viloyatlaridan 140 dan ortiq arizalar kelib tushdi, ular orasida nafaqat mashinasozlik, balki tibbiyot, AKT, marketing va boshqa sohalardagi loyihalar ham bor edi.


Eng yaxshi 20 ta loyiha qatoriga kiritilgan loyihalarning taqdimoti bugun UzAuto Market startap-platformasi binosida boʻlib oʻtdi. Hakamlar hayʼati baholagan natijalar boʻyicha quyidagi loyihalar mualliflariga asosiy mukofotlar topshirildi:

1-oʻrin – Haydarov Shoxrux “SHAXCAR SMART SYSTEM” loyihasi bilan 30 000 000 soʻm mukofot oldi;


2-oʻrin – Toshpoʻlatov Zafar “Sunʼiy intellekt yordamida koʻkrak bezi saratoni diagnostikasi” loyihasi bilan 20 000 000 soʻm mukofot oldi;


3-oʻrin – Rafiqov Ramil “Dreamdash” loyihasi bilan 10 000 000 soʻm mukofot oldi.


Eslatib oʻtamiz, mukofot jamgʻarmasi 60 000 000 soʻm boʻlgan UzAuto Market innovatsion platformasidagi startap-loyihalar tanlovi “Oʻzavtosanoat” AJ va IT-Park tomonidan tashkil etilgan.

UzAuto Market startap-platformasi - bu Oʻzbekistondagi birinchi noyob loyiha boʻlib, u avtomobilsozlik uchun yangi mahsulotlarni ishlab chiqishda yoshlarga oʻz gʻoyalarini amalga oshirishga imkon beradi. Ushbu platforma bugungi kunda mamlakatimizdagi hamda chet eldagi yoshlarni birlashtirgan holda, oʻz gʻoyasidan mustaqil ravishda va uchinchi tomonning sarmoyasisiz biznesga oʻtishi qiyin boʻlgan ixtirochilarga yordam beradi. Startap-platforma – bu dasturchilar, ishlab chiqarish korxonalari va xaridorlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzaro hamkorlik orqali amalga oshiriladigan yangi hamkorlik shaklidir.

2019-11-01