IT Park Uzbekistan’da xalqaro miqyosda kengayishni maqsad qilgan rezidentlar bilan amaliy uchrashuvlar davom etmoqda. “COMPLEX SOLUTIONS” va “ALMIR STATISTICS” kompaniyalari xorij bozorlariga chiqish niyatini bildirib, IT-xizmatlar eksportini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Local2Global” dasturida ishtirok etishga qiziqish bildirishdi.
COMPLEX SOLUTIONS: buyurtma asosidagi ishlanmalardan o‘z mahsulotlarigacha
“COMPLEX SOLUTIONS” rezidenti bilan uchrashuv chog‘ida kompaniya vakillari xalqaro bozorlarga chiqish rejalari bilan o‘rtoqlashishdi. Ular uchun ustuvor yo‘nalishlar sifatida BAA, Qatar, Ummon va Saudiya Arabistoni qayd etildi.
Xorijiy bozorlarga chiqishdagi xarajatlarni qisman qoplashni nazarda tutuvchi “Local2Global” dasturining taqdimoti katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu vosita ijobiy kutib olindi: “COMPLEX SOLUTIONS” vakillari bunday qo‘llab-quvvatlash ularning MENA mintaqasiga tezroq chiqishlariga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Shuningdek, mahsulotlarni mahalliylashtirish, xususan, import qiluvchi davlatlar qonunchiligiga muvofiqligi masalalari muhokama qilindi. Kompaniya yuridik hamrohlik, shuningdek, IT Park ko‘magida xalqaro ko‘rgazmalar va biznes missiyalarda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
“COMPLEX SOLUTIONS” buyurtma asosida dasturiy ta’minotni ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya bo‘lib, ayni vaqtda o‘z IT-mahsulotlariga ham faol sarmoya kiritmoqda. Ichki ishlanmalar qatorida — ta’lim jarayonlarini boshqarish tizimi hamda shifokorlarga kasalliklarni aniqlashda yordam beradigan yechim mavjud.
ALMIR STATISTICS: farmatsevtika bozorini raqamlashtirish va MDH mamlakatlariga eksport
“ALMIR STATISTICS” kompaniyasi vakili bilan uchrashuv davomida kompaniyaning MDH mamlakatlari bozorlariga chiqish rejalari muhokama qilindi. Asosiy maqsad — platformaning geografiyasini kengaytirish va yangi bozorlarga integratsiya orqalieksport tushumlarini oshirish. Kompaniya, shuningdek, malakali IT-mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotganini va xalqaro kengayish oldidan duch kelinayotgan muammolarni ta’kidladi.
“Local2Global” dasturi “ALMIR STATISTICS” uchun amaliy qiziqish uyg‘otdi: kompaniya uni yangi bozorlarga chiqishni tezlashtiruvchi vositas sifatida ko‘rib chiqmoqda. IT Park tomonidan maslahatlar berishdan tortib, xalqaro tashabbuslarda ishtirok etishgacha bo‘lgan har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorlik bildirildi.
“ALMIR STATISTICS” O‘zbekiston bozoriga distribyutorlar tomonidan yetkazib berilayotgan dori vositalari haqida ma’lumotlarni izlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan “Almir” platformasi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.
Diqqat markazida – global o‘sish
Mazkur uchrashuvlar shuni ko‘rsatdiki, tobora ko‘proq o‘zbek IT-kompaniyalari xalqaro maydonda faoliyat yuritishga intilmoqda va global o‘sishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilamoqda. “Local2Global” dasturi bu transformatsiyada muhim omil bo‘lib, kompaniyalarga nafaqat mahalliy bozor chegaralaridan chiqish, balki raqobatbardosh xalqaro muhitda o‘z o‘rnini mustahkamlash imkonini bermoqda. IT Park esa mahalliy IT-bizneslar uchun global maydonga yo‘l ochuvchi ko‘prik vazifasini bajarishda davom etadi.
2025-06-03