Jong Ok Rae rahbarligidagi IT Park Uzbekistan’ning Koreyadagi vakolatxonasi va uning asosiy hamkori Koreya sanoatlashtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik instituti (KIIIC)ning faol sa’y-harakatlari tufayli Janubiy Koreya bilan hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu faoliyat doirasida Toshkentdagi IT Park Uzbekistan bosh qarorgohida O‘zbekistonni biznesni rivojlantirish va kengaytirish uchun istiqbolli hudud sifatida ko‘rayotgan Koreyaning 10 dan ortiq kompaniyalaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Alyans Koreya bozorida O‘zbekistonning tanilishini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda va eksportga yo‘naltirilgan IT-kompaniyalarni faol jalb etmoqda.
Janubiy Koreya tomonidan muvofiqlashtiruvchi sifatida mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va aloqalarni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan Jong Ok Re xizmatlarini alohida ta’kidlash lozim.
Uchrashuvda Koreya kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb qilishning yangi mexanizmlari, shuningdek, mahalliy IT-kompaniyalarning Janubiy Koreya bozoriga kirishini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘zbekistonlik mutaxassislarning raqobatbardoshligi va ko‘p tilliligini ta’kidladilar. Shuningdek, mamlakatning jadal rivojlanayotgan infratuzilmasi, biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar va O‘zbekistonning yangi IT-hab sifatidagi salohiyati alohida ta’kidlandi.
Eksportning sezilarli o‘sishi va Koreya kompaniyalari ishtirokining kengayishi
So‘nggi bir yil ichida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. 2023-yilda Janubiy Koreyaga IT-eksport hajmi atigi 600 ming dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilda u besh baravardan ko‘proqqa oshib, 3,3 million dollarga yetdi.
Shu bilan birga, IT Park Uzbekistan’ning Koreyalik rezident kompaniyalari soni ham ko‘paydi. Faqatgina 2024-yilning o‘zida Janubiy Koreyaning 12 ta yangi kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochib, ularning umumiy sonini 20 taga yetkazdi. Ular dasturiy ta’minot ishlab chiqish, grafik dizayn, IT-ta’lim va dasturiy mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritmoqda.
2024-yilning asosiy voqeasi iyun oyida Janubiy Koreyada O‘zbekiston-Koreya IT-biznes alyansini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi bo‘ldi. Ushbu hamkorlik darhol o‘z natijasini ko‘rsatdi: iyul oyida Toshkentda alyans vakolatxonasi ochildi, oktyabr oyida esa Seulda IT Park Uzbekistan vakolatxonasi ish boshladi. Endilikda har ikki mamlakat axborot texnologiyalari sohasida hamkorlik qilish, sheriklar topish va qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish uchun rasmiy maydonchalarga ega bo‘ldi.
Alyansning strategik vazifalaridan biri yangi kompaniyalar va buyurtmalarni jalb qilishdir. Ushbu ishlar doirasida 2025-yil aprel oyida IT Park Uzbekistan Koreyada o‘tkaziladigan “World IT Show” ko‘rgazmasida ishtirok etadi, u yerda o‘z stendini namoyish qilib, rezidentlari uchun uchrashuvlar tashkil qiladi.
Yangi ta’lim va autsorsing loyihalari
Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik yangi qo‘shma loyihalarni yaratish sohasida ham davom etmoqda — hozirda ta’lim va autsorsing dasturlarini ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda. 2025-yil mart oyida “Unitec” loyihasi ishga tushiriladi, uning doirasida yoshlar xalqaro IT-bozorda talab yuqori bo‘lgan ma’lumotlarni belgilash (data labeling) bo‘yicha o‘qitiladi.
May oyidayoq Koreyaning “Nfaby” kompaniyasi uchun autsorsing loyihasi ishga tushiriladi, uning doirasida 100 nafar mutaxassis ish bilan ta’minlanadi. 2025-yil oxiriga kelib esa IT-autsorsing sohasida koreyalik mijozlar uchun ishlay oladigan 500 kishini o‘qitish rejalashtirilmoqda.
Janubiy Koreya bilan hamkorlikning rivojlanishi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston nafaqat ish o‘rinlari yaratish va eksportni rivojlantirish, balki xalqaro texnologiyalar bozorida o‘z mavqeyini mustahkamlash orqali IT-biznes uchun jozibador mamlakatga aylanmoqda. Yaqin yillarda Koreya kompaniyalari bilan hamkorlik yanada kengayib, ikki mamlakat uchun yangi imkoniyatlar ochiladi.
2025-02-11